1 Iyun 2023 595

IIV Malaka oshirish institutida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutida “Huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi IIV sohaviy xizmatlar, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, IIV Akademiyasi, Jazoni ijro etish departamenti, Jamoat xavfsizligi departamenti, Toshkent shahar IIBB, institut professor-oʻqituvchilari, masʼul xodimlari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbirni Institut boshligʻi, t.f.n., dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov ochib, mamlakatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirliklar va idoralar, jamoat birlashmalari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan amalga oshiriladigan huquqbuzarliklarning profilaktikasi, jamoat tartibini taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanganligi bois alohida ahamiyat berilayotganligini aytib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar istiqlolga erishgach mamlakatimizda jinoyat sodir etilganidan soʻng aybdorlarni fosh etish va jazolash, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashdan koʻra jinoyatlarning oldini olgan maʼqulligi eʼtirof etilib, sud-huquq sohasi isloh qilinganligini taʼkidladilar.

Darhaqiqat mamlakat taraqqiyoti va osoyishtaligini taʼminlashda huquqbuzarliklar profilaktikasi muhim rol oʻynaydi. Zero, huquqbuzarliklar profilaktikasi — huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qoʻllaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimidir.

Bundan tashqari, ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimi isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi eʼtirof etildi.

Anjumanda Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatida xalqaro va mintaqaviy tajriba, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati: Oʻzbekiston tajribasi, Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni oldini olishda mavjud muammolar va ularning yechimlari, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatida ichki ishlar organlarining roli hamda hamkorlik yoʻnalishlari kabi bir qator mavzularda   ichki ishlar organlari faoliyatida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishga oid fikr va mulohazalari muhokama qilindi.

Tadbirda taʼkidlaganidek, aynan huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat xavfsizligini taʼminlash va probatsiya faoliyati sohalari boʻyicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar shu sohalarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirokchilarning Huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari: nazariya va amaliyotiga oid fikr va mulohazalari eshitildi hamda taklif va tavsiyalari muhokama qilindi.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага