IIV ogohlantiradi: qonunbuzarlikni bekitish yoki jamoatchilikka o'zini jabrdiyda qilib ko'rsatish maqsadida haqiqiy voqelikni yashirish, montaj qilingan videoroliklarni tarqatish orqali javobgarlikdan qutulib qolishga intilish amaliyoti hech qanday yordam bermaydi
Toshkent viloyati IIBB tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko'ra, joriy yilning 23 iyun` kuni, tungi xizmatga jalb etilgan Parkent tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'limi profilaktika inspektorlari katta leytenant R.Nishonov va leytenant J.Mirtolipovlar soat taxminan 20:00larda Istiqbol mahallasi hududida joylashgan savdo do'konlari oldida, yoshi 35-40larda bo'lgan erkak kishi spirtli ichimlik iste'mol qilib o'tirganligini ko'rishgan.
Fuqaro o'zini 1983 yilda tug'ilgan O.T. deb tanishtirgan. Profilaktika inspektorlari fuqaroga jamoat joyida spirtli ichimlik iste'mol qilish mumkin emasligi haqida tushuntirishganida, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan qo'pol muomalada bo'lib, atrofdagi fuqarolarni e'tiborini jalb etish maqsadida xodimlarga uyatli so'zlar bilan so'kingan, ularning tinchlanish talablariga bo'ysunmagan hamda IIBga borishdan bosh tortgan.
Qoidabuzarning shaxsini aniqlash va huquqbuzarlikni rasmiylashtirish maqsadida fuqaro O.T. majburiy tarzda tuman IIBga olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro O.T.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 187-moddasi (Jamoat joylarida alkogol` mahsulotini iste'mol qilish) hamda 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda tergovga qadar surishtiruv olib borilmoqda.
Shu o'rinda, fuqarolarga, qonunbuzarlikni bekitish yoki jamoatchilikka o'zini jabrdiyda qilib ko'rsatish maqsadida haqiqiy voqelikni yashirish, montaj qilingan videoroliklarni tarqatish orqali javobgarlikdan qutulib qolishga intilish amaliyoti hech qanday yordam bermasligini eslatib o'tamiz. Qilmishi uchun har bir fuqaro qonun oldida javob beradi.
IIV Axborot xizmati