Ijtimoiy himoya - ustuvor masala
Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlarini uy bilan taʼminlash, turarjoy uchun ijara toʻlovlarini qoplash hamda ularning oila aʼzolarini moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida samarali tadbirlar amalga oshirilyapti.
Xuddi shunday, soha vakillarini ijtimoiy himoyalashda tizim birlashgan kasaba uyushmalari faol ishtirok etmoqda.
Chunonchi, Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi 27 nafar xodimga imtiyozli asosda sihatgoh yoʻllanmalari ajratdi.
Shuningdek, xizmat davomida halok boʻlgan 1 nafar xodimning turmush oʻrtogʻiga sogʻligʻini tiklash xarajatlari qoplab berildi.
Sohada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning Buxoroga, viloyat IIB PPX va JTSB xodimlarining Toshkent va Samarqand shaharlariga, yana 15 nafar xodimning Xorazmga sayohati uyushtirildi.
Mazkur tadbirlar ilgʻorlarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etildi. Bundan tashqari, 250 nafar xodimning viloyat musiqali drama teatri, ularning farzandlari esa viloyat qoʻgʻirchoq teatri spektakllarini tomosha qilishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Tizim vakillarining 197 nafar bolalari oromgohda hordiq chiqarishlari uchun yoʻllanma xarajatlarining bir qismi qoplab berildi.
Shuningdek, 44 nafar xodim moddiy yordam bilan taʼminlandi.
Salkam 200 million soʻm mablagʻ esa madaniy-maʼrifiy tadbirlar uchun yoʻnaltirildi.
Jumladan, koʻrik-tanlovlar, intellektual oʻyinlar, sport musobaqalari gʻoliblarini mukofotlash hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi kutubxonasi uchun kitoblar olishga sarflandi.
Viloyat ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlari oʻrtasida mehnat muhofazasi boʻyicha jamoat nazoratini tashkil etishga qaratilgan koʻrik-tanlov uyushtirdik.
Xullas, xodimlarni ijtimoiy himoyalash, ular uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mehnat muhofazasi yoʻnalishidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Azim Tilovov, podpolkovnik.