8 Oktabr 2021 5255

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma'lumotlaringizni joylashtirishda hushyor bo'ling

So'ngi vaqtlarda “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida tovlamachilik yo'li bilan daromad orttirish maqsadida bo'lgan ayrim shaxslar ijtimoiy muhandislik (социальная инженерия) uslubi bilan fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma'lumotlarni (fotosurati, ismi, sharifi, telefoni, manzili va boshqalar) to'plab, keyinchalik ularni sha'ni va obro'siga putur yetkazuvchi “post”lar ko'rinishida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga pul mablag'larini talab qilayotganligi kuzatilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda bunday kanallardan bir nechtasi aniqlangan bo'lib, ularni yurituvchilari xorij davlatlaridan turib faoliyat ko'rsatishadi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu va boshqa turdagi jinoiy faoliyat bilan shug'ullanuvchi barcha kanallarning yurituvchilarini elektron manzillari aniqlanib, o'rnatilgan tartibda xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tergovga qadar tekshiruvlar o'tkazilmoqda.

Tekshiruv yakunlari yuzasidan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko'riladi.

Afsuski, hozirgi kunda mazkur jinoiy kanallarni bloklashning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Shuning uchun kanallar nomi oshkor etilmaydi.

Shu o'rinda, fuqarolardan o'zingizning shaxsiy hayotingizga aloqador bo'lgan ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo'ymaslikni yoki begona guruh va kanallarga tarqatmaslikni, aks holda tovlamachilarning qurboniga aylanishingiz mumkinligini eslatib o'tamiz.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага