16 Iyun 2020 2202

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan ma'lumot

Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV Axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14 iyun` kuni Nukus shahri hududida aholi orasida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida Qoraqalpog'iston teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspektsiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi, Milliy Gvardiya hamda Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovlardan iborat guruh, soat 11.30 larda Nukus shahri “X.Abdambetov” ko'chasi bo'yidagi “eski shahar” mahallasi hududidagi avtoturargoh atrofida tekshiruv ishlari olib borayotgan vaqtlarida, shu erda to'xtab turgan, “Matiz” rusumli taksi avtomashinasi haydovchisi, Nukus shahrida yashovchi, 1997 yilda tug'ilgan fuqaro U.M.ning tibbiy niqobini taqmagan va taksi haydovchilari uchun belgilangan maxsus kombinezon kiymagan holda karantin qoidalariga amal qilmay faoliyat olib borayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Sanitariya epidemiologik nazorati davlat inspektsiyasi xodimi surishtiruv olib bormoqchi bo'lganda, U.M. xodimlarning qonuniy talablariga bo'ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko'rsatib o'zining harakatlari bilan shu erda bo'lgan boshqa shaxslarning e'tiborini jalb qilgan. Aynan shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

Oxir-oqibat vaziyat barqarorlashtirilib, qoidabuzarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hozirda, Nukus shahar IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi tayanch punkti profilaktika inspektori katta leytenant R.Bekimbetovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага