23 Mart 2020 5263

Ijtimoiy tarmoqlarda vahimali va yolg'on ma'lumot tarqatgan aybdorga jarima jazosi tayinlandi

SHu kunlarda, ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 mart kunidagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5969-sonli Farmoni talablarini qo'pol ravishda buzib, ayni vaqtda respublikamizning barcha hududlarida koronavirus pandemiyasi tufayli e'lon qilingan karantin vaqtida fuqarolarni vahimaga soluvchi va huquq-tartibotni buzishga undovchi mish-mishlar tarqalishining guvohi bo'layapmiz va qaysidir ma'noda ularga ishonib ham qolayapmiz.

Joriy yilning 20 mart kuni Surxondaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv hamkorlik boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar davomida “Telegram” messenjeridagi "@GroupSurxondaryo" kanalining foydalanuvchisi “A N Z O R” deb nomlangan profil` egasi 20 mart kuni soat 12:38 da "@GroupSurxondaryo" guruhiga koronavirus haqida, ya'ni, “Jo`rabayevada Bor ekan 2 kishi aniqlandi 30 daqiqa oldin” degan mazmundagi odamlarni chalg'ituvchi, jamiyatda vahima uyg'otuvchi yolg'on ma'lumot tarqatganligi ma'lum bo'ldi.

Tezkor qidiruv hamkorlik boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan qo'shimcha olib borilgan tezkor surishtiruv ishlar natijasida “Telegram” messenjerida “@GroupSurxondaryo” deb nomlangan guruhga yolg'on ma'lumot tarqatgan “A N Z O R” nomli profil` egasi va foydalanuvchisi Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanida istiqomat qilib, Termiz shahrida savdo shaxobchalarining birida sotuvchi bo'lib ishlab kelayotgan fuqaro Anzorjon Berdiqulov ekanligi aniqlandi.

Unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma'muriy ishlar bo'yicha Termiz shahar sudiga yuborildi.

23 mart kuni Ma'muriy ishlar bo'yicha Termiz shahar sudining qaroriga ko'ra, fuqaro Berdiqulov Anzorjon Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 205-moddasida ko'rsatilgan (Favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilish) huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari, ya'ni 1.115.000 (bir million bir yuz o'n besh ming) so'm miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

YUqorida aniqlangan mish-mishlar aholi o'rtasida shov-shuvlarga sabab bo'lib, xalqimizning eng avvalo bir-biriga bo'lgan ishonchini, ahilligini, qolaversa, tinchligi va farovonligini buzishdan boshqasiga yaramaydi.

Aziz fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli mazmundagi norasmiy ma'lumotlarga ishonmasliklaringizni so'rab qolamiz.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага