27 Sentabr 2021 4138

Ikki fuqarolik uchun javobgarlik belgilanmoqda

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga muvofiq, respublikaning butun hududida yagona fuqarolik belgilangan. Biroq, amaliyotda xorijda yashayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan o'zlari bo'lib turgan davlatning fuqaroligini qabul qilish holatlari uchramoqda. Chunki ayrim davlatlarda ikkinchi fuqarolikka ega bo'lish qonun bilan taqiqlanmagan.

Amaldagi qonunchilikda O'zbekiston Respublikasi vakolatli organlariga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini qabul qilish holatlarini aniqlash vazifasi yuklatilgan bo'lib, ammo fuqarolarning ushbu fakt yuzasidan davlat organlariga xabar berish majburiyati mavjud emas edi.

Ana shunday muammolarning oldini olish va kelgusida bu kabi holatlarga yo'l qo'ymaslik va fuqarolarning bu boradagi mas'uliyatini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi 24 avgustdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonuni loyihasi ikkinchi va uchinchi o'qishda bir ovozdan ma'qullandi.

Qonun amaliyotda O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini fuqarolikdan chiqmasdan, chet davlat fuqaroligini olishlari bilan bog'liq bo'lgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:

- O'zbekiston Respublikasi fuqaroligida bo'lgan va chet davlat fuqaroligini olgan shaxslarni, chet davlat fuqaroligini qabul qilgan kundan boshlab o'ttiz kalendar` kuni ichida xabar berish tartibi joriy qilindi;

- Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligi olganligi xaqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritildi;

- O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti yoki identifikatsiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi;

- Davlat xizmatchilari yoki hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoki davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv yoxud ma'muriy-xo'jalik funktsiyalarni bajaradigan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligi olganligi haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik belgilandi.

Qonun imzolanib kuchga kirishi bilan quyidagi natijalarga erishiladi:

- O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog'liq masalalarni ko'rib chiqishdagi huquqiy bo'shliq bartaraf etiladi;

- chet davlat fuqaroligini qabul qilganligi haqida o'z vaqtida xabar bermaganligi uchun javobgarlikni belgilash orqali, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, ayniqsa, davlat xizmatchilarining mas'uliyati oshiriladi;

- O'zbekiston Respublikasida ikki fuqarolik bilan bog'liq yuzaga kelishi mumkin bo'lgan salbiy oqibatlarning oldi olinadi;

- sohaga doir huquqni qo'llash amaliyotining aniq va bir xilda bo'lishi ta'minlanadi.

Farhod AShMATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi a'zosi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага