8 May 2022 1260

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ehtirom koʻrsatilmoqda

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt oʻlimiga, mislsiz yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi. Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortigʻi qahramonlarcha halok boʻldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim taʼminot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan Oʻzbekistonga koʻchirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh goʻdaklarni bagʻriga olib, ogʻir damlarda ularga beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatdi.

Yurtimizda har yili 9-may — xotira va qadrlash kunini keng miqyosda nishonlashimiz ham aynan ana shu ezgu maqsadga yoʻnaltirilgan. Negaki ikkinchi jahon urushi janggohlaridan omon qaytgan keksalarimizni qadrlash va eʼzozlash biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Bu yil ham 9-may — xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz tabrigini urush faxriylariga yetkazish maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylar Toshkent shahar Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi urush faxriylarini bayram munosabati bilan tabriklash va ularning holidan xabar olish uchun ularning xonadoniga tashrif buyurishdi.

Xususan, 99 yoshli Vera Chervanayeva, 85 yoshli Margarita Filanova, 96 yoshli Anna Topchiy, 99 yoshli Pyotr Korzon va 96 yoshi Ganiyeva Yelizavettalarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigi birma bir oʻqib eshittirildi. Ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab quvvatlash maqsadida esdalik va qimmatbaho sovgʻalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda 15 million soʻmdan pul mukofotlari topshirildi. Faxriylar bilan dildan suhbat qurilib, ularning sogʻligʻini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida sektor rahbarlari va mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Darhaqiqat bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini eʼzozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qoʻyish yurtimizda ezgu anʼanaga aylangan. Bugungi tadbirga IIO masʼullari, IIV Akademiyasi kursantlari, IIV Temurbeklar maktabi oʻquvchilari, IIV orkestri va Ashula va raqs ansambli jalb etildi.

Tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi kuy qoʻshiqlar keksa nuroniylarimizning koʻnglini shod etib, chinakam bayram tantanalariga aylanib ketdi.

Shu kabi tadbirlar IIO ning hududiy boshqarmalarida ham oʻtkazilmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага