29 May 2021 4448

Internet ijtimoiy tarmoqlarda "Andijonda 5 oylik kelinning zo'rlanishi" sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma'lumot

2021 yil 13 may kuni fuqaro O.O.ni zo'rlanishi bilan bog'liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to'la va xolisona o'tkazilishini ta'minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o'tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko'zdan kechirilgan va ishga aloqador bo'lgan barcha ashyolar, jumladan arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o'tkazilib, olingan ashyolar bo'yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko'ra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zo'rlik alomatlari bilan bog'liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga ko'ra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.     

Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so'roq qilinganida, uni hech kim zo'rlab nomusiga tegmaganligini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi ma'lumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor bo'lish evaziga uni zo'rlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va ko'rsatma berishga majbur qilganligini, agarda ushbu ko'rsatmani bermasa turmush o'rtog'i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg'on ko'rsatma berganligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, ishga aloqador bo'lgan va guvoh tariqasida so'roq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo'lgan shiypon atrofida begona erkaklarni ko'rmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam so'rab baqirgan ovozini eshitilmaganligini ma'lum qilgan.

O'tkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. ma'lum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir bo'lgan kuni hodisa joyida, ya'ni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo'lgan dala shiyponida umuman bo'lmaganliklari aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida to'plangan inkor qilib bo'lmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zo'rlanganligi to'g'risidagi vajlari o'z tasdig'ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo'lmasa) asosan tugatish masalasi ko'rib chiqilmoqda.

Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu o'rinda, fuqarolardan hamda blogerlardan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmasliklarini, tergov harakatlariga aralashmasliklarini, har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini hamda haqiqatga to'g'ri kelmaydigan, vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib o'tamiz.

Kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qo'shimcha ma'lumot berilishi ta'minlanadi. 

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага