18 Dekabr 2021 4228

Intizomli lashkar yengilmas

Ichki ishlar xodimi jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish uchun xizmat olib borar ekan, eng avvalo, bu borada oʻzlari boshqalarga oʻrnak boʻlishlari lozim. Shuningdek, ular xizmat intizomiga rioya qilishlari hamda qonuniylikni taʼminlashda masʼuliyat his qilishlari shart.

Bu haqida 2021-yil 20-noyabrdagi Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining navbatdan tashqari oʻtkazilgan Majlis bayonnomasida ham alohida qayd etilgan boʻlib, qator vazifalar ham belgilangan.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida yaqinda IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlari qoʻmondonligi shtab boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Rustam Aliqulov hamda qoʻshin qoʻmondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Sherzod Baratovlar Termiz xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash alohida batalonida boʻlishdi. Va harbiy qism shaxsiy tarkibi tomonidan harbiy intizom talablarining qay darajada bajarilayotganligini koʻzdan kechirishdi.

Jarayonda harbiy xizmatchilarning shaxsiy avtomobillari hamda uyali telefonlari ham koʻzdan kechirildi. Ularga bugun Internet tarmogʻi orqali qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli oʻyinlarga berilmaslik, bunday oʻyinlar katta qarzdorlik keltirib chiqarib, turli noxush vaziyatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirildi.

Shundan soʻng, harbiy qismda oʻtkazilgan davra suhbatida harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom axloqiy va ruhiy muhitni qaror toptirish lozimligi, barcha boʻgʻindagi rahbarlarning oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyatni oshirish kerakligi boʻyicha topshiriqlar berildi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага