“Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi
Ichki ishlar organlari xodimlari, ishchi va xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xodimlarning bandligi taʼminlanmagan turmush oʻrtoqlari, 18 yoshga yetgan farzandlari va yaqin qarindoshlarini kasbga yoʻnaltirish, kasbiy qiziqishi va layoqatini inobatga olgan holda boʻsh vaqtlarini maqsadli oʻtkazishlarini taʼminlashga qaratilgan masalalarni hal qilish maqsadida, joriy yil 19-noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan “Oʻzaro hamkorlik memorandumi” imzolandi.
Shu munosabat bilan, “Ishga marhamat” monomarkazlarida xizmat koʻrsatish va servis, xorijiy tillarni oʻqitish, raqamli texnologiya, tadbirkorlik asoslari va boshqa yoʻnalishlarda xodim va ishchi-xizmatchilarning oila aʼzolarini kasbga bepul oʻqitilishi belgilandi.
Joriy yilning 28-noyabr kuni IIV Tibbiyot boshqarmasi markaziy muassasalarida xizmat qiluvchi xotin-qizlarning “Ishga marhamat” monomarkaziga tashrifi tashkillashtirildi. Tashrif davomida monomarkaz Metodik boshqarma bosh mutaxassisi Kamolov Maksud boshchiligida oʻquv kurslari faoliyati va ish olib borish jarayoni tanishtirildi. Tanishuv jarayonida ayollar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi, mavzu boʻyicha tegishli tavsiyalar berilib, kelgusida oila aʼzolarini bepul kasbga oʻrgatish boʻyicha murojaat etish tartibi tushuntirib oʻtildi.
Tadbir yakunida, targʻibot ishlarining samaradorligini oshirish niyatida tayyorlangan flayer nusxalari tarqatildi.
IIV Axborot xizmati