19 May 2022 658

Jahon standartlariga mos, Hi-Tech uslubidagi IIB binosi foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyatining Peshku tumanini qadimiy tarixga ega, buyuk alloma bobokalonlarimiz yetishib chiqqan yurt sifatida yaxshi bilamiz.

Bugungi kunda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, taʼlim, sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish sohalaridagi mavqeyi yuksalib bormoqda. Tumanning 37 ta mahallasida istiqomat qilayotgan 130 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatuvchi yangi IIB binosi foydalanishga topshirilganligi buning yaqqol isbotidir.

Respublika ishchi guruhi masʼullari Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovlar ishtirokida mazkur binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IIOlari faxriylari, viloyat IIB masʼullari, tuman IIB shaxsiy tarkibi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ichki ishlar vaziri o‘z maʼruzasida tuman aholisi va shaxsiy tarkibni yangi bino ochilishi munosabati bilan muborakbod etib, mazkur bino va bu yerda faoliyat olib borayotgan xodimlar aholining tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniy va mehnat faxriylari uzoq yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar so‘ngi besh yilda bartaraf etilganligini eʼtirof etib, buning uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar. Shu jumladan, uzoq yillar IIO da xizmat qilib hozirda nafaqada bo‘lgan isteʼfodagi mayor Qayum Xamroyev “Bo‘limda yaratilgan bunday sharoitlar, zamonaviy texnikalar, transport vositalarini yetti uxlab tushimizda ko‘rmaganmiz” deya taʼkidladi.

Masʼullar bo‘limda yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida, bunday qulayliklardan kiyin Peshkuda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak degan fikrni bildirdilar.

Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, zamonaviy talablarga mos ravishda qurilgan 2 qavatli maʼmuriy binoning umumiy maydoni 1200 kvadrat metrni tashkil etib, fuqarolarni qabul qilish xonasi, navbatchilik qismi, kutubxona, psixolog xonasi, faxriylar xonasi, katta va kichik majlislar zali, sport maydonchasi, dam olish xonasi hamda 39 ta xizmat xonalarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, yo‘l harakati xavfsizligi guruhi binolari hamda avtoturargoh mavjud.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага