Jarlik sari yoʻl
Maʼlumotlarga qaraganda mast holda transport vositasini boshqarish 95 foiz holatda avtohalokatlarga olib keladi.
Ularning teng yarmi ogʻir tan rohati yoki hayotdan mahrum boʻlishga olib keladi. Shu sababli yurtimizda spirtli ichimlik ichgan holda transport vositasini boshqarish taqiqlanib, bunday holatlarga nisbatan qattiq jazo chorasi belgilangan. Shunga qaramay, mast holda mashina ruliga oʻtirayotgan shaxslarning uchrab turayotgani esa afsuslanarlidir.
Guliston shahrida oʻtkazilgan tungi reyd davomida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari avtotransport vositalarining hujjatlarini oʻrganishdi. Tungi soat yigirma ikkilarda «GAZ-24» rusumli avtomobil toʻxtatildi. Mashina kuzovi oʻzgartirilib, pikap holatiga keltirilgan. Unga yigirmatacha shifer ortilgan. Inspektor haydovchining hujjatlarini tekshira boshladi.
Maʼlum boʻlishicha, Mirzaobod tumani «Toshkent» mahallasida yashovchi A.K.ning ulov bilan bogʻliq barcha hujjatlari joyida ekan.
Biroq suhbat jarayonida haydovchining gap-soʻzlarida pala-partishlik sezildi. Shu bois unga alkotesterdan oʻtish taklif qilindi. Natijada haydovchi mast ekani oydinlashdi. Avtotransport vositasi jarima maydoniga qoʻyilib,holat boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Reyd davomida mastlik bilan bogʻliq yana bir holat aniqlandi. Tun yarmiga yetganda, «Jiguli» avtomobili toʻxtatildi. Uni boshqarib borayotgan haydovchi gʻirt mast holda ekani maʼlum boʻldi.
Guliston tumanida yashovchi B.D. esa buni tan olishni istamadi. Ammo u hatto transport vositasidan tushishni ham eplay olmadi. Anchagina urinishdan soʻng undan alkotest olindi. Tahlil oʻta kuchli mastlik holatini tasdiqladi. Avtomashina jarima maydoniga qoʻyildi.
Har ikkala haydovchi ham avtotransport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, jarimaga tortildi.
Lekin ular bundan tegishli xulosa chiqarishdimikan? Hamma gap shunda.
Abdurahmon Mustafoqulov, “Postda” muxbiri. Sirdaryo viloyati.