Jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarga ID-kartalar topshirildi
Hammasi inson qadri uchun. Bugun bu tamoyil har bir tizimning bosh maqsadiga aylandi. Xususan, jinoyat koʻchasiga kirib toʻgʻri yoʻlidan adashgan va hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarga qaratilayotgan eʼtibor ham shular jumlasidandir.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning amaliy davomi sifatida kecha, 12-iyul kuni Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari Zangiota tumanida joylashgan IIVga qarashli 24-son tarbiya koloniyasida boʻlib, jazo muddatini oʻtayotgan, 16 yoshga toʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartalar rasmiylashtirishdi.
Shu munosabat bilan koloniyada tashkil etilgan tadbirda 23 nafar shaxsga rasmiylashtirilgan ID-karta tantanali ravishda topshirildi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida migratsiya boshqarmasi tomonidan jazo muddatini oʻtayotgan 120 nafardan ortiq shaxsga manzilli xizmat koʻrsatish orqali ID-karta rasmiylashtirilib, topshirilgan va hozirda ham mazkur yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati