Jinoiy guruh qoʻlga olindi
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi N.M. ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida nomaʼlum shaxs feyk xabar orqali uning bank kartasi boshqaruvini qoʻlga kiritib, jami 2.780.000 soʻm pullarini yechib olganligini bildirib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni bir guruh shaxslar oʻzaro jinoiy til biriktirib sodir etganligi aniqlangan.
Jinoiy guruh aʼzolari Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan sudlangan, 2006-y.t. A.A. va uning akasi 2001-y.t. A.Sh., Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi, Tojikiston Respublikasida 1985-y.t. N.B. va uning oʻgʻli 2006-y.t. B.D. ekanligi maʼlum boʻldi.
Guruh soxta havolalardan foydalanib, Telegram messenjeridagi guruh va kanallarda yolgʻon xabarlarni tarqatib jami 454 nafar fuqaroning bank kartalari boshqaruvini qoʻlga kiritib juda koʻp miqdordagi pullarni oʻzlashtirgan.
Guruh aʼzolariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Kiberxavfsizlik markazi