Jinoyatchilikni jilovlashda yangicha yondashuv
Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarining xalqchil faoliyatini taʼminlashga qaratilgan samarali tizim yaratildi.
Soha faoliyati tubdan isloh qilinib, quyi boʻgʻin sanalgan mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, sodir etilayotgan har bir jinoyatning sabablarini oʻrganish, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalq bilan muloqotning manzilli tizimi yoʻlga qoʻyilib, profilaktika inspektorlarining faoliyati aholining kunlik muammolarini hal etishga yoʻnaltirildi. Jinoyatchilikni barvaqt aniqlash va fosh etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qamrab olgan yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Joylardagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning dinamikasi va sodir etilishiga taʼsir qilayotgan omillarni aniqlash, “ilmiy diagnoz” qoʻyish orqali jinoyatchilik koʻrsatkichlarini prognozlash va uning oldini olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Muhimi, sohadagi keng qamrovli islohotlar ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish barobarida, hududlarning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.
Biroq hozirgi murakkab sharoitda yangidan-yangi tahdid va xavf-xatarlarning paydo boʻlayotgani, jinoyatlarni sodir etish usullari va maqsadlarining oʻzgarib borayotgani ichki ishlar organlari faoliyatini ilmiy yondashuvlar asosida tashkil qilishni, ilmiy faoliyat va amaliyotning uzviy bogʻliqligini taʼminlagan holda ilmiy ishlanmalar natijalarini tizim faoliyatiga keng joriy etishni dolzarb vazifa sifatida qoʻymoqda.
Bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, natijalarni amaliyotga joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.
Eʼtiborlisi, mazkur buyruq bilan IIV Akademiyasi huzurida doimiy faoliyat yurituvchi oliy maslahat organi − Ilmiy ishlanmalar natijalarini ichki ishlar organlari faoliyatiga joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirish boʻyicha kengash tashkil etildi.
Kengash zimmasiga ichki ishlar organlari faoliyatining ilmiy asoslarini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, ilmiy faoliyatni tizimdagi mavjud ehtiyojni inobatga olgan holda uygʻun ravishda olib borish, hududiy ichki ishlar organlarining buyurtmasi asosida sodir etilayotgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini oʻrganish, ularning oldini olish va fosh etish boʻyicha ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish, shu asosda joylardagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish kabi ustuvor vazifalar yuklatildi.
Joriy yilning 28-yanvar kuni IIV Akademiyasida kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, kengash ishchi organi aʼzolari, professor-oʻqituvchilar, shuningdek onlayn formatda hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari qatnashgan yigʻilishda yangi tizimning maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish mexanizmlari, zamonaviy sharoitda kengash oldidagi dolzarb yoʻnalishlar va kutilayotgan natijalar qizgʻin muhokama qilindi. Akademiya rahbari, polkovnik Rustam Xatamov hududiy ichki ishlar organlariga ilmiy-metodik jihatdan yordam koʻrsatish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hududlarning kriminogen vaziyatini yaxshilashga xizmat qilayotgani, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishga qaratilgan kengash faoliyati orqali bu boradagi ishlar tubdan takomillashtirishini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar, jumladan, ichki ishlar organlari faoliyatiga ilmiy ishlanmalar natijalarini joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirishning ahamiyati, Ichki ishlar vazirligi ilmiy faoliyati hamda kengashning 2023-yilga moʻljallangan ishlar rejasi ishchan ruhda muhokama qilindi.
Soha vakillari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, ekspert va mutaxassislarning mulohaza hamda takliflari tinglanib, kelgusidagi aniq vazifalar belgilab olindi.
Muxtasar qilib aytganda, ichki ishlar organlarining xalqchilligini oshirish, jamiyatdagi obroʻsini yuksaltirish bugungi islohotlarning bosh maqsadiga aylangan.
Bu esa, birinchi navbatda, qonun talablari va inson huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangan yurtimizda jinoyatchilikning har qanday koʻrinishlariga qarshi murosasiz kurashish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni toʻla qaror toptirishga bogʻliq.
Amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi tizim ayni jihatlari bilan ana shu pirovard maqsadga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati