Davlat rahbarining hududlarda aholining ijtimoiy muammolarini hal etish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga oid topshiriqlarining Jizzax viloyatidagi ijrosi idoralararo ishchi guruh tomonidan oʻrganilib, natijalari sarhisob qilindi
Joriy yilning 10-mart kuni Jizzax viloyati hokimligida idoralararo ishchi guruh tomonidan olib borilgan oʻrganish yakunlari guruh rahbari Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov, viloyat hokimi Ergash Saliyev, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat, tuman va shahar sektor boshliqlari hamda boshqa bir qator mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida muhokama etildi.
Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalari keskin tanqid qilindi.
Shuningdek viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlarining real holati, aholini gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlashning ahvoli, isteʼmol bozoridagi narx-navo barqarorligi, oziq-ovqat zaxiralari mavjudligi, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir mahallalarda sektor rahbarlari va mahalla faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar muhokama etildi.
Mazkur jarayonda ishchi guruh faoliyatiga oid ayrim maʼlumotlar keltirib oʻtildi. Xususan, oʻrganishlar davomida viloyatdagi 6435 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgani maʼlum qilindi. Olis hududlarda yashovchi aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida esa 56 ta yarmarka tashkil etilib, 492 tonnadan ziyod mahsulot arzonlashtirilgan narxlarda sotilgan.
Bundan tashqari mahallalarda aholi muammolarini hal etish nuqtai nazaridan oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida 938 nafar fuqarodan jami 398 ta murojaat kelib tushgani, shundan 198 tasi joyida oʻz yechimini topgani, 163 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berilgani va 10 tasi adliya boʻlimlari tomonidan ish yurituvga olingani bildirildi.
Jumladan, murojaatlarni oʻrganish natijasida 14 ta tadbirkorlik faoliyati qayta tiklangan, olis hududlardagi 32 ta mahallada 400 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Binobarin, 21 ta mahallada 447 nafar fuqaro ishtirokida tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyati tushuntirilgan.
Ishsizlikka barham berish amaliyoti tanqidiy oʻrganilib, qoʻshimcha resurslarni jalb etish hisobiga 125 ta fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan, 57 nafari kasbga oʻqitishga, 115 nafari vaqtinchalik jamoat ishlariga yuborilgan. Shuningdek, 361 nafar fuqaro oʻzini oʻzi band qilish orqali doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi taʼminlangani bayon qilindi.
Qoʻshimcha ravishda tibbiyot xodimlarini safarbar etish natijasida jami 3615 nafar fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 63 nafar yolgʻiz yashovchi qariyalarga dori-darmon koʻrinishidagi ijtimoiy va moddiy yordamlar koʻrsatilgan.
Aholining ijtimoiy va maishiy muammolariga yechim topish maqsadida 212 nafar aliment toʻlovchi qarzdorlar ish bilan taʼminlanib, 2,2 mlrd. soʻm miqdorida aliment puli undirilgan, alimentni toʻlashdan boʻyin tovlagan 13 nafar qarzdorlar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Nizoli oilalarning 427 ta maishiy muammolari bartaraf etilgan, tazyiqqa uchragan 78 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilgan.
Aytish joiz, ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolar yechimiga jiddiy eʼtibor qaratildi. Yaʼni, mahallalarda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash, fuqarolarning murojaatlarini oʻrganish, huquqiy targʻibot va davlat xizmatlarini sayyor koʻrsatish, aholi bandligini, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanib, viloyat, tuman va shahar sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillariga mavjud muammolarni hal etish boʻyicha tegishli vazifalar yuklatildi.
Chunonchi, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlashga qaratilgan dasturlarning ijrosi, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan, shuningdek ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallalarda shakllantirilgan beshlikning, yaʼni mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlik masalalari tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddilar zimmalaridagi vazifalarga jiddiy yondashishga chaqirildi.
Yigʻilishda ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuniga koʻra Jizzax viloyatida aholini qiynayotgan muammolarni hal etish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Shuningdek, oʻz xizmat vazifalariga yetarli darajada eʼtibor qaratmaganligi uchun 15 nafar kommunal va energiya taʼminoti tashkilotlari hamda 10 nafar huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini intizomiy jazolash boʻyicha taklif kiritildi.
Tadbirda koʻtarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan soha mutasaddilarining hisobotlari oʻrganilib, taklif va mulohazalari tinglandi.
IIV Axborot xizmati