1 Iyun 2022 793

Jonim fido ona yurtimga

Oʻgʻlim, men bir paytlar Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi harbiy qismda xizmat qilganman, - degan edi oʻzining yigitlik burchini IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent shahrida joylashgan 7534-harbiy qismda oʻtayotgan Abduhamid Olloyorovni koʻrishga kelgan otasi Eshquvvat Olloyorov. - Sen esa oʻz Vataningda xizmat qilyapsan.

Muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli tamomlagan bu yigit otasining soʻzlari taʼsirida xizmatni shartnoma asosida davom ettirishga qaror qildi. 

U dastlab ushbu harbiy qism nazorat-chilar vzvodi nazoratchisi etib tayinlandi. Xizmatda uchraydigan qiyinchilik va muammolarni sabot bilan yengib, tinimsiz izlandi. Bu borada ustozi, hozirda isteʼfodagi katta serjant Erkin Fayziyevning xizmatlari katta boʻldi.

Bunday saʼy-harakatlar, albatta, oʻzining natijasini bermasdan qolmadi. Abduhamid Olloyorov avvaliga seksiya komandiri lavozimiga loyiq koʻrildi. 

Soʻngra esa nazorat-oʻtkazish joyi boshligʻi, boshqaruv guruhi qorovul boshligʻi, nazoratchilar vzvodi guruh komandiri lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Xizmatni boshlagan yillarim harbiylarga boʻlgan eʼtibor hozirgidek yuqori darajada emasdi, - deydi lavhamiz qahramoni. - Asta-sekinlik bilan shart-sharoitlar yaxshilanib, ijtimoiy himoya kuchaytirildi, qurol-aslaha va harbiy texnikalar yanada mukammallashtirildi.

Endilikda vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha katta yoʻriqchisi lavozimida xizmat qilayotgan kichik serjant Abduhamid Olloyorov shaxsiy tarkibning boshqalar bilan noqonuniy aloqaga kirmasligini taʼminlash, harbiy nazoratchilarning jangovar tayyorgarligini oshirishga alohida eʼtibor beradi. 

Bundan tashqari, harbiy qismda oʻtkazilayotgan turli sport musobaqalari va tanlovlarda ham faol qatnashib, sovrindorlar safidan joy olmoqda. Serjant Turdiali Hamdamov, kichik serjantlar Umrzoq Ergashev va Iqbol Bekboyev uni oʻzlariga ustoz deb bilishadi.

Abduhamid Olloyorov, mana, qariyb yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilib kelmoqda. 

Koʻksini “Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishoni hamda II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bezab turibdi.

Qahramonimiz turmush oʻrtogʻi Bahrigul Olloyorova bilan ikki oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda. Toʻngʻich oʻgʻli Javohir ham ota izidan borib, kelajakda harbiy boʻlmoqchi.

Mixli Safarov, “Postda” muxbiri

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага