Joriy yilning 23 fevral kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Bobojonov tomonidan Namangan viloyatida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga oid tezkor yig'ilish o'tkazildi
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat hamda shahar va tuman sektor rahbarlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining mutasaddilari ishtirok etdilar.
Jarayonda hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari hamda jamoat xavfsizligi kontseptsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama etildi.
Shuningdek, yigʻilishda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, “Xavfsiz va ravon yoʻl” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyatlarning tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlari tomonidan mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududlarga aylantirish, aholini rozi qilish, ularning murojaatlarini yechimiga eʼtibor qaratish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda tashkiliy masalalar koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan polkovnik Rahmonov Shavkat Navruzovich Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Tezkor qidiruv departamenti boshligʻi lavozimiga tayinlanganligi eʼlon qilindi. Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimiga polkovnik Aliyev Shuhrat Hasanovich tayinlandi.
Tadbirda koʻtarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha soha faxriylari va mutaxassislar soʻzga chiqib, taklif hamda mulohazalar bildirdilar.
Yangi tayinlangan viloyat IIB rahbariga aniq topshiriqlar berildi.
IIV Axborot xizmati