14 Avgust 2022 661

Kitob ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy va kasbiy bilimlarini oshiruvchi buyuk kuchdir

Bugungi kunda mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, bu orqali maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovordir.

Ichki ishlar organlarida ham kitobxonlik hamda kasbiy bilimlarini oshirish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish borasidagi ishlar vazirlik rahbariyatining doimiy eʼtiborida bo‘lib kelinmoqda.

Mazkur sohadagi ishlarni samarali tashkil etish, xususan ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy va kasbiy bilimlarni yana-da yuksaltirish, xodimlarning kitobxonlik bo‘yicha bilimini oshirishga qaratilgan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Olmaliq o‘quv bazasida joriy etilgan maxsus o‘quv kursi tinglovchilarining yozuvchi Sherkon Qodiriy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv «Tohir Malik zamondoshlar xotirasida» kitobining taqdimotiga bag‘ishlandi.

Uchrashuv avvalida Sherkon Qodiriy bobosi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqida tinglovchilarga juda qiziqarli maʼlumotlar berdi. So‘ngra Tohir Malik ijodi va hayoti bilan bog‘liq o‘zlarining xotiralarini, shuningdek, «Tohir Malik zamondoshlar xotirasida» kitobining yaratilishi haqida gapirdi.

Ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi podpolkovnik Hasan Abdurazzoqov IIV Akademiyasida xizmati davomida yozuvchi Tohir Malik bilan birga bo‘lgan muloqotlarini eslar ekan, undan boy va betakror ijodiy meros qolganligini, uning Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘ulari mahorat bilan tarannum etilgan badiiy asarlari, kinossenariylari, dolzarb mavzulardagi publitsistik maqolalari el-yurtimiz qalbidan chuqur joy olganligini eʼtirof etdi. Mehmonlar o‘quv kursi uchun Tohir Malikning kitoblaridan sovg‘alar qildilar.

Uchrashuv tinglovchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirishga hissa qo‘shayotgani bilan muhim ahamiyatga kasb etdi.

 Tinglovchilarning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, kitobxonlikni oshirish hamda  mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng tinglovchilar “mutolaa vaqtini” o‘quv bazasining so‘lim tabiati qo‘ynida davom ettirdilar. Ular o‘zlari sevib o‘qiyotgan asarlari yuzasidan hamkasblariga so‘zlab berdilar.  

Darhaqiqat, kitobni mutolaa qilish, asarlarning mazmun-mohiyati zamiriga yetish insonni teran fikrlashga o‘rgatishi shubhasizdir.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага