28 Avgust 2021 4445

Kogon tumanida sodir etilgan oʻgʻrilik jinoyati videokuzatuv moslamasi yordamida fosh etildi

Kogon tumani Ichki ishlar boʻlimi tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, 2021-yilning 23-iyul kuni soat 11:00 dan soat 12:00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida nomaʼlum shaxs Kogon tumani Tutkunda mahallasi "Sheyxon" qishlogʻida yashovchi, 1969-y.t. tadbirkor ayol A.N. ning yashash uyiga devor orqali gʻayriqonuniy ravishda kirib, uning xonadonidan 3.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari va jami bahosi 36.700.000 soʻmlik tilla taqinchoqlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, jabrlanuvchiga jami 68.495.980 soʻmlik moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Kogon tumani Ichki ishlar boʻlimi tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa sodir boʻlgan joy sinchkovlik bilan koʻzdan kechirilib, kechiktirib boʻlmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilgan holda nomaʼlum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Gap shundaki, oʻgʻirlik sodir etgan shaxs Tutkunda mahallasiga xavfsiz mahalla tamoyili asosida oʻrnatilgan kameralardan biriga tushib qolgan.

Jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari, shuningdek mahalla hududidagi videokameralar tasvirlari yuzasidan oʻtkazilgan tezkor-texnik tadbirlar davomida ushbu jinoyatni asli Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida roʻyxatda turuvchi, muqaddam toʻrt marotaba oʻgʻirlik jinoyatini sodir qilgan, bugungi kunda Muborak tumani Ichki ishlar boʻlimi Probatsiya xizmati nazorati ostida turuvchi, Buxoro shahar Mirdoʻstim koʻchasida vaqtincha yashab kelayotgan 1991 yilda tugʻilgan, xavfli retsidiv X.A. ismli shaxs sodir qilganligi fosh etildi.

Jinoyatni fosh etish jarayonida u roʻyxatda turuvchi hamda vaqtinchalik istiqomat qilib kelayotgan yashash manzillarida tintuv tergov harakatlari oʻtkazilganda, jinoyatga aloqador bir qancha ashyoviy dalillar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda ushbu shaxsning Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatining turli hududlarida sodir etgan 4 ta oʻgʻirlik jinoyati fosh etilib, ayblanuvchi X.A.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va uning boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага