22 Yanvar 2022 817

Mahallabay ishlashning yangi tizimi joriy qilinmoqda

Joriy yilning 15-yanvarida respublikamiz Prezidenti raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi va davlat idoralari masʼullariga bir qator topshiriqlar berildi. Shu maʼnoda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi aholi punktlarida boʻlib, insonlar turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish tadbirlari hamda ishbilarmonlar faoliyati bilan tanishyapti.

Jumladan, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov dastlab Paxtakor tumanidagi Dilorom mahallasida boʻldi. Bu yerda noqonuniy inshootlarni buzilib, chiqindilar olib chiqilmoqda. Ochiq aytish kerak, 4 ming 544 nafar fuqaro istiqomat qiladigan, 56 ta koʻp qavatli uy hamda 83 ta hovliga ega mazkur mahallada tozalik borasidagi vaziyatni yaxshi, deb boʻlmaydi. Xuddi shunday, turar joylarning tashqi koʻrinishi ham koʻngildagidek emas. Lekin tez orada hammasi oʻzgarishi aniq. Chunki davlat rahbari topshirigʻi asosida Paxtakor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabi aʼzolari vaziyatni oʻnglashga astoydil kirishganlar.

Chunonchi, qisqa muddatlarda hududdagi koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, yoʻllarga shagʻal yotqizish rejalashtirilgan. Holatiga koʻra, elektr, suv va gaz tarmoqlari yangilanadi yoki sozlanadi. Aholini band qilish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham yaxshigina moʻljallar bor. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi shu joyda hokimlik va kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazib, obodonlashtirish, qurilish va taʼmir ishlariga qoʻshimcha texnikalar, yonilgʻi mahsulotlari ajratish, koʻchalarga shagʻal yetkazishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, 3-sektor rahbari hokim yordamchilari bilan gaplashib oldi. Bu jarayonda asosiy eʼtibor tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratishga oid masalalarga qaratildi. Soʻng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Zafarobod tumanining Uzun qishloq fuqarolar yigʻinidagi tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashdi.

Chunonchi, intensiv usulda baliq yetishtirish ustida ish olib borayotgan Sherzod Zokirovning faoliyati bilan tanishildi. Ushbu tadbirkor 10 ming dona baliq parvarishlash imkonini beruvchi 10 sotixlik sunʼiy havzani yuzaga keltirmoqda. Yana bir uzunlik 71 yoshli Bahodir Hamroyev hovlisidagi 3 sotix maydonga ega issiqxonadan yiliga 2 marta hosil olyapti. U bu yil yana bir issiqxona quradi. Boboning taʼkidlashicha, yangi issiqxona zamon talablariga mos boʻladi.

Shuningdek, 3-sektor rahbari 45 sotix maydonda issiqxona qurgan Boʻriboy Sariboyev bilan muloqot oʻtkazdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi eski bino oʻrnida bolalar oromgohi ochmoqchi boʻlgan tadbirkor faoliyati bilan ham tanishdi. Qisqasi, ishbilarmonlar muammolari oʻrganildi, faoliyatni yanada kengaytirish hamda ular tajribasini yoyish boʻyicha yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

Shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Arnasoy tumanidagi Mirzo Bobur mahalla fuqarolar yigʻiniga ham bordi. Mazkur mahallani qisqa muddatlarda obod qilish koʻzda tutilayotir. Hududda hozirda 10 dan ortiq qurilish texnikalari ishlamoqda. Tez orada mahallada aholi salomatligini mustahkamlash, bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga kirishiladi. Aytish joiz, insonlar turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday tadbirlar viloyatning barcha hududlarida amalga oshirilyapti.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага