26 May 2022 224

Maqsad: favqulodda hodisalarning oldini olish

«Qamchiq» dovonidan o‘tgan avtomobil hamda temir yo‘llarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda «Angren - Pop» elektrlashtirilgan temiryo‘lida esa 36 ta geologik xavfli uchastka, 6 ta sel kelishi xavfi bor hudud mavjud bo‘lib, tegishli muhandislik himoya tadbirlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

Joriy yilning mart oyida avtomobil yo‘lining 4 ta hududida qor ko‘chkisi, 6 ta hududida tosh ko‘chkisi, 5 ta hududida tosh-tuproq ko‘chkisi va 4 ta hududida ko‘chki yorig‘i kuzatildi. Shu sababli bu hududlarda kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, avtomobil yo‘lida ikki tomonlama xavfsiz harakatni taʼminlash maqsadida ishchi-xodimlar va texnika vositalari jalb qilinib, yo‘llar tozalandi, beton to‘siqlar o‘rnatildi.

Xuddi shuningdek, «Angren-Pop» elektr-lashtirilgan temiryo‘lining tosh va tosh-tuproq ko‘chkilar kuzatilgan joylarida tosh-tuproq massasini tozalash, qum-shag‘al, beton, tuproq va boshqa muhandislik-himoya ishlari bajarildi. Ohangaronsoy daryosi qirg‘oqlarining yuvilish holatida esa suv havzasi o‘zanlari tozalanib, qirg‘oqlari mustahkamlandi.

Dovon hududida joriy bahor-yoz mavsumini betalafot o‘tkazish, gidrometeorologik va geologik hodisalar xavfi mavjud uchastkalarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiyot obyektlarini toshqinlar, sel oqimlari va ko‘chkilardan muhofaza qilish uchun tegishli ko‘rsatmalar berib borilmoqda, dovon hududida ob-havoning o‘zgarishi bo‘yicha maxsus xabarnomalar tegishli xizmatlarga yuborilmoqda.

Yaqinda «Qamchiq» dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘lining 214-kilometrida joylashgan «Ertoshsoy» ko‘prigida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. O‘quv mashqi yakunida sel oqimlarini betalafot o‘tkazib yuborish uchun ko‘prikni mustahkamlash va soy o‘zanini to‘g‘rilash tadbirlari bajarildi. Bunday o‘quv mashqlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad -dovon hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishda to‘g‘ri harakat qilish va transport vositalari hamda yo‘lovchilarning xavfsiz harakatini taʼminlashdir.

Hasan BOBONOV, «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага