2 Aprel 2022 949

Maqsadga aylangan ishtiyoq

Mardonbek Otajonov yigitlik burchini IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Toshkent shahrida joylashgan 7531-harbiy qismda oʻtadi. Bu yerdagi tartib-intizom, harbiy xizmatchilarning bir-biriga boʻlgan hurmat-izzatini koʻrgan yigitning qalbida harbiylikka ishtiyoq uygʻonadi.

Shuning uchun muddatli harbiy xizmat poyoniga yaqinlashganda, xizmatni shartnoma asosida davom ettirish maqsadida bildirgi bilan qoʻmondonlikka murojaat etib, sinov va imtihonlarning barchasidan muvaffaqiyatli oʻtadi.

Professional Vatan himoyachisi sifatida ilk faoliyatini mazkur harbiy qism taʼminot batalyoni haydovchisi lavozimida boshlagan hikoyamiz qahramoni keyinroq oliy maʼlumotli mutaxassis boʻlish uchun oʻsha paytdagi IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Taʼlim muassasasida sohaga oid bilim va koʻnikmalarni puxta egallagan M.Otajonov vazirlik qoʻshinlarining taktik qoʻmondonligi mutaxassisligini egallaydi.

Xizmat faoliyatini poytaxtimizdagi 7534-harbiy qism jangovar guruh komandirining maxsus tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari lavozimida davom ettirgan yosh ofitser safdoshlariga har jihatdan namuna boʻlib, zimmasidagi vazifalarni aʼlo darajada bajaradi.

Shuningdek, jamoat ishlarida ham faol qatnashib, harbiy qism miqyosida oʻtkazilgan turli sport musobaqalari va tadbirlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritadi.

Oʻzining harakatchanligi, tirishqoqligi va uddaburonligi bilan rahbariyatning eʼtiboriga tushadi. Avvaliga, batalyon maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbar vzvodi guruh komandirining oʻrinbosari, oʻtgan yilning aprel oyidan esa nazoratchilar vzvodi komandiri lavozimiga munosib koʻriladi.

Mardonbek Otajonov harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy intizomni mustahkamlash bilan birgalikda, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Uning muvaffaqiyatlarga erishishida ustozi, hozirda harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlinmasi boshligʻi, mayor Abdurasul Abdunabiyevning xizmatlari katta boʻldi.

Kapitan Mardonbek Otajonovdagi tanlagan kasbiga boʻlgan kuchli qiziqish va ishtiyoq tufayli malakali mutaxassis boʻlib yetishdi, - deydi A.Abdunabiyev. - U bugungi kunda ham izlanishdan toʻxtagani yoʻq, koʻplab shogirdlar tarbiyalab, soha ravnaqi yoʻlida tinimsiz harakat qilayotir.

Mardonbek turmush oʻrtogʻi Oltinoy bilan farzandlar tarbiyasiga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Xizmatdan boʻsh paytlarini oila davrasida oʻtkazib, ular bilan tabiat qoʻyniga sayohat qiladi. Farzandlari bilan ularning orzu-niyatlari haqida dildan suhbatlashadi.

Shuningdek, yaqinlari, mahalladagi bemor va nuroniylar holidan xabar olib, ulardan yordamini ayamaydi.

Mixli Safarov, “Postda” muxbiri.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага