25 Yanvar 2023 347

Maqsadi mushtarak egizaklar

Ichki ishlar organlarida tinchlik va osoyishtalikni saqlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan xotin-qizlar safi ortib bormoqda. Mashaqqatlardan sira cho‘chimay, zimmasidagi masʼuliyatli vazifani sadoqat bilan ado etib kelayotgan opa-singillarimizdan har qancha faxrlansak arziydi.

Chortoq shahrida tug‘ilgan Fotima Karimova va Zuhra Ibragimova (turmushga chiqqach, familiyalari o‘zgargan) haqida ham ana shunday iliq fikrlarni aytish mumkin.

— Amakim, katta leytenant Faxriddin To‘raxo‘jayev xizmat vazifasini bajarish chog‘ida dunyodan ko‘z yumgan, — deydi Zuhra bolalik xotiralari bilan o‘rtoqlasharkan. - Endigina aqlimizni tanigan bo‘lsakda, o‘shanda ichki ishlar organi xodimi bo‘lish sharafli vazifa, burchga sadoqatli bo‘lish qahramonlik ekanini anglaganmiz. Bu sohani tanlaganimizda esa, hammadan ko‘ra ko‘proq otam juda xursand bo‘lganlar.

Fotima va Zuhra bolaligidanoq zukko va tirishqoq edi. Ular Chortoq shahridagi 53-ixtisoslashgan maktab-internatni 2011 yilda tamomlab, IIV Akademiyasiga hujjat topshirdi. Zuhraga omad kulib boqib, kursantlar safidan joy oldi. Fotima esa ikki yil tayyorlanib, uchinchi yili o‘qishga qabul qilindi.

Zuhra 2014 yilda Akademiyani tamomlagach, Chortoq tumani IIB Tergov bo‘limida xizmat faoliyatini boshladi. Keyinroq Namangan shahar IIOFMB Tergov bo‘limida faoliyatini davom ettirdi. O‘tgan yilning iyun oyida esa Namangan davlat universitetiga profilaktika inspektori etib tayinlandi.

Turmush o‘rtog‘i Akramjon Karimov hozirda Davlatobod tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimi, kapitan. Ularning hayotini quvonchga to‘ldirgan farzandlari - Akobir 6, Mehrinoz 2 yoshda.

Fotima 2016 yilda Namangan tumani IIB Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektor lavozimida faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 2018 yili Chortoq tumani IIB Probatsiya bo‘limiga ishga o‘tdi. Oradan bir yil o‘tib, Chortoq tumani IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori lavozimiga tayinlandi. U faoliyati mobaynida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning oiladagi o‘rnini mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Ajrimlarning oldini olishda faollik ko‘rsatdi. Fotimaning turmush o‘rtog‘i Doniyor Ibragimov viloyat IIB tezkor xizmati xodimi, unvoni kapitan.

Ichki ishlar organlari sohasida xizmat qilish oson emas. Ayniqsa, ayol kishi uchun. Farzand tarbiyasi, uy yumushlari, tag‘in ichki ishlar organi xodimining ayoli bo‘lish masʼuliyati. Oilada o‘zaro hurmat, tushunish va mehr-muhabbat bo‘lsagina, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tish mumkin. Sharafli kasbning etagidan tutgan egizaklar -mayor Fotima Karimova va kapitan Zuhra Ibragimovaning ham ishda, ham oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lish siri shunda bo‘lsa kerak.

Opa-singillarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari katta. El tinchligini saqlashdek muhim va masʼuliyatli vazifani ado etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan qahramonlarimizning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

“Postda” muxbiri.

Namangan viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага