7 Yanvar 2022 3994

Mardlar maydonda sinaldi

Yurtimizda Qurolli Kuchlar tashkil topganining oʻttiz yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari oʻtkazilmoqda.

IIV Akademiyasining Harbiy tayyorgarlik kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvda kunduzgi taʼlim kursantlari toʻrt shart boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyon etishdi. Hakamlar hayʼati aʼzolari toʻpponchadan oʻq otish, qurolni qismlarga ajratish va yigʻish, fuqaro muhofazasi hamda harbiy topografiya fanlari boʻyicha kursantlar tomonidan bajarilgan amaliy topshiriqlarni baholab bordilar. Bahslar yakuniga koʻra faxrli oʻrinlarni 301-guruh kursanti A.Tursunboyev, 124-guruh kursanti S.Shakirova hamda 117-guruh kursanti R.Jamoliddinovlar egalladi.

Bellashuv doirasida kafedra qoshidagi “Vatan himoyachisi” ilmiy toʻgaragi aʼzolari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda isteʼfodagi polkovnik T.Soatov, Harbiy tayyorgarlik kafedrasi boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik I.Mahmudov va boshqalar soʻzga chiqib, Qurolli Kuchlar tizimidagi keng koʻlamli islohotlarga toʻxtalib oʻtishdi.

– Yoshlarimizni har tomonlama barkamol voyaga yetkazish, ular qalbida ona Vatanimizga mehr va sadoqat tuygʻularini mustahkamlash dolzarb vazifa sanaladi. Bu borada ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oʻzining ijobiy samaralari koʻrsatmoqda. Binobarin, maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tuygʻulari yuksak darajada shakllangan yoshlar yurtimizning mustahkam qalqoniga aylanadi, – dedi polkovnik Ibrohimjon Mahmudov.

IIV Akademiyasi kursantlari bilan olib borilayotgan jangovar-jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari haqidagi videorolik mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага