23 Yanvar 2022 265

“Masʼuliyatni doim his qilib turaman”

Bugun mamlakatimizda Qurolli Kuchlarga eʼtibor kuchaytirilayotgani, harbiy xizmat nufuzini oshirishga oid kompleks chora-tadbirlar koʻrilayotgani, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha koʻplab eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilayotgani quvonarli holat.

Zero, ona Vatanga xizmat qilishni oʻzining sharafli burchi deb bilgan mard oʻgʻlonlarimiz sadoqat va jasorat namunalarini koʻrsatayotgani kishiga mamnuniyat bagʻishlaydi.

Tergov izolyatorida saqlanayotgan B.Anvar bilan uchrashuvga uning otasi keldi. U qorovul boshligʻi, I darajali serjant Mavlonjon Botirovning “Yoningizda man etilgan buyumlar bormi?” degan savoliga, “yoʻq” deya javob qaytardi. Erkakni tekshirish vaqtida esa uning ichki choʻntagidan qariyb 10 ming AQSH dollari topildi.

Advokat oʻz himoyasida boʻlgan D.Ahmadjon bilan uchrashish maqsadida tergov izolyatoriga kelib, tergovdagi ushbu shaxs uchun ichkariga sim-karta, flesh-karta va chip olib kirishga urindi. Ammo harbiy xizmatchining ogohligi va ziyrakligi tufayli advokatning niyati amalga oshmadi.

IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7553-harbiy qism qorovul boshligʻi, I - darajali serjant Mavlonjon Botirovning xizmat faoliyati davomida bu kabi hodisalar ozmi-koʻpmi uchrab turadi.

Qoʻrgʻontepa tumanida serfarzand oilada dunyoga kelgan Mavlonjon 2002-yilda ichki ishlar organiga xizmatga qabul qilindi.

2007-yildan esa IIV Qorovul qoʻshinlarining 7554-harbiy qismda shartnoma asosida xizmatni davom ettirib kelyapti.

I darajali serjant Mavlonjon Botirov xizmat yillari davomida bir qator shogirdlarni tarbiyaladi. II darajali serjant Dilshod Sotvoliyev, serjant Faryod Yuldoshev, kichik serjantlar Ilhom Joʻrayev, Sherzod Aliyev, oddiy askar Isoq Shirinov shular jumlasidandir.

Mavlonjon qiyin damlarida unga yordam bergan, oʻzining boy tajribasi bilan oʻrtoqlashgan ustozi - katta serjant Mamajon Ashiyevni oʻzgacha mehr bilan eslaydi.

Mavlonjon Botirovning ikki ukasi ham uning ortidan ketgan. Oʻrtancha ukasi Mirzohid kontrakt asosida belgilangan muddatli xizmatni oʻtab, hozir pensiyaga chiqqan. Kichik ukasi Muzaffar esa 3-sonli tergov izolyatorida nazoratchi boʻlib xizmat qiladi.

Harbiy xizmatchi hamisha odamlar koʻz oʻngida, - deydi I darajali serjant M.Botirov. Koʻpchilik unga havas bilan boqadi. Bu, oʻz oʻrnida, kishiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Zimmamdagi bu masʼuliyatni doimo his qilib turaman.

M.Botirov oʻzining koʻp yillik fidokorona xizmatlari uchun - Vatan himoyachilari kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga koʻra, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Boris Kleyman, “Na postu” muxbiri. Andijon viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага