Monomarkaz bilan hamkorlik
Joriy yilning 19 noyabr kuni Ichki ishlar hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi. Unga binoan, IIV Harbiy tuzilmalarining faoliyatini taʼminlash bazasi osoyishtalik posbonlarining oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish hamda kasbiy qiziqish va layoqatlarini oshirish maqsadida poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan «Ishga marhamat» monomarkazi bilan hamkorlikda tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ushbu markaz direktori o‘rinbosari Muhammadali Mavlyanov tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga mavjud ish o‘rinlari hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha turli o‘quv kurslari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ona Vatanimiz himoyachilarining turmush o‘rtoqlarida tikuvchilik, oshpazlik, kosmetolog, qandolatchi, ayollar sartaroshi, yosh bolalar uchun enaga va tarbiyachi yordamchisi kabi kasblar katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy xizmatchilar esa payvandchilik, maishiy texnikalarni taʼmirlash, santexnik-chilangar hamda elektr ustasi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Natijada mavjud o‘quv kurslarida o‘qishga va kasblarni o‘zlashtirishga ishtiyoqi baland bo‘lgan osoyishtalik posbonlari oila aʼzolarining ro‘yxatlari shakllantirildi.
Masʼud TOSHPO‘LATOV, kapitan.