21 Yanvar 2022 770

Mukofot motivatsiya berdi

Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida profilaktika katta inspektori lavozimida xizmat qilaman. Joriy — 2022-yilning Prezidentimiz tomonidan “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nomlanishi biz, profilaktika xizmati xodimlari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklamoqda.

Men qoʻl ostimdagi xodimlar bilan birgalikda bu yil nazoratimizdagi barcha mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududlarga aylantirishni oʻz oldimga maqsad qilib olganmiz. Ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi ishlarda mukofot menga qoʻshimcha kuch bagʻishlab, yanada samarali xizmat qilishga motivatsiya bermoqda.

Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, bugungi globallashuv davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Bu yoʻlda “Xalq va armiya — bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil asosida, hamjihatlikda ulkan ishlar amalga oshirilayotgani oʻz samarasini bermoqda. 

Ayniqsa, pandemiya paytida va favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda, biz uchun hech narsa bilan oʻlchab, qiyoslab boʻlmaydigan bebaho boylik — tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilishda bu yakdillik yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Bu yilgi Vatan himoyachilari kuni men uchun unutilmas bayramga aylandi. Boisi, bayram arafasida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni bilan mukofotlandim. 
El-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi xizmatimning rahbariyat tomonidan eʼtirof etilishi meni, oila aʼzolarimni behad quvontirdi.

Albatta, mukofotga oʻzimning munosib xizmatim bilan javob qaytaraman va ishonchni oqlayman.

Adhamjon Islomov, mayor. Fargʻona viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага