6 Avgust 2022 772

“Muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati”

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Bektemir o‘quv bazasida safdorlar va serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimiga tayinlash uchun qayta tayyorlash o‘quv kurslariga kelgan xodimlar bilan “Muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati” mavzusida seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, ichki ishlar organlari xodimlarning muomala madaniyati va etikasiga professional yondashishlariga eʼtibor qaratish va ularning malakaviy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Institutning Maʼnaviyat va maʼrifat xonasida boshlangan seminar-trening  tabiat qo‘ynida davom ettirildi.

Ushbu seminar-treningda Institut bosh psixologi, mayor Iroda Xakimova tomonidan dastlab “Muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati” tushunchasi, uning asosiy jihatlari, ko‘rinishlari, yuzaga kelgan turli xil stress vaziyatlarda  o‘z-o‘zini boshqarishning psixologik omillari xususida fikr yuritildi.

Shuningdek, seminar-treningga mutaxassis psixolog Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi Sport psixologiyasi bo‘limi mudiri Akobir Abdullayev jalb etilib, “Yo‘l harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi, jinoyat qidiruv, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlarining etiketi va muloqot madaniyati”, “Ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ishlash metodlari”  haqida tushunchalar berdi.

Shundan so‘ng psixologlar tomonidan tinglovchilar ishtirokida muloqotning asosiy ko‘rinishlari, ularning o‘ziga xos jihatlari va inson ruhiyatiga taʼsirini yoritib berishga qaratilgan tajribalar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, seminar-treningda ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqotga kirishishida eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar, muloqotni olib borish tartibi, nizoli holatlar yuzaga kelishini oldini olishga qaratilgan harakat turlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Seminar-trening yakunida yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollar va unga mutaxassislarning javoblari tinglandi.

Darhaqiqat, muomala madaniyatining go‘zalligi bilan muammolar yechiladi, qalblarga yo‘l topiladi, orzular ro‘yobga chiqadi, insonlarni ko‘nglini olishga sharoit yaratiladi. 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага