Mushtumzoʻr bezorilar qoʻlga olindi
Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir jarayonida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, oʻzga shaxslarni urish-doʻpposlash kabi jinoyatlarni sodir qilib kelgan bezorilar guruhi qoʻlga olindi.
Dastlabki tezkor surishtiruvlar natijasida ushbu guruhga Urganch shahrida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan, S.X. boshchilik qilganligi aniqlandi.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida S.X. bilan birgalikda Urganch shahrida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan, B.E. va Urganch tumanida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan, O.M. ham gumonlanuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashinalardan urish va tan jarohati yetkazishda foydalaniladigan pichoq, temir bita ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Tergov harakati davomida ushbu shaxslar tomonidan ilgari sodir qilingan jinoyatlarni va ularning boshqa jinoiy sheriklarini aniqlashga ham eʼtibor qaratiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati