Navoiyda fuqaro nega 400 mln soʻm pullarni 160 mln soʻmga almashtirmoqchi boʻldi?
Qiziltepa tumanida istiqomat qilayotgan asli buxorolik 30 yoshli Asliddin (ismlari oʻzgartirilgan) kompyuter texnologiyasi sohasidagi bilimlarini xayrli yoʻlda sarflamadi. Soxta pullarni ishlab chiqarish fikri uni kun-u tun tinch qoʻymadi. Shayton vasvasasiga quloq osib oʻylagan rejasini amalga oshirish uchun sherik izlay boshladi. Qingʻir qiyshiqqa hamroh boʻlar deganlaridek u topgan odamlar ham shu “yogʻli” ishga yon berdi.
Jinoiy toʻdada biri pullarni ishlab chiqarish, biri muomalaga kiritish yana biri yordamchi va haydovchilik qilishni boʻyniga oldi. Pullar tayyor boʻldi. 200 ming soʻmlik kupyurada jami 400 mln soʻm pullarni ishlab chiqarish anchayin mashaqqat tugʻdirgani rost. Ammo shuncha kuch va aqliy mehnatni qadrlamay tubi koʻrinmas jarlikka yetaklayotganini anglamagan toʻrtovlon bugun qonun oldida javob berishga majbur.
Navoiy viloyati IIB TQX JQB, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va Departament xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirida jinoiy guruh tomonidan 400 mln soʻm soxta pullar 160 mln soʻm haqiqiy pullarga almashtirilayotgan paytda qoʻlga olindi.
Hozirda ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati