4 Iyul 2022 2527

Navoiyda karmanalik bezorilarga qonuniy chora koʻrildi

Karmana tumani «Kalovat» mahallasida istiqomat qiluvchi 30 yoshli Sanjar qoʻshni mahalladagi doʻsti bilan mashinada koʻcha sangʻishni odat qildi. 

Bu safar ham ular tekkanga tegib, tegmaganga kesak otib vaqtini oʻtkazar, boshqalarni mazax qilib rohatlanardi.

Bundaylarga salom berish tugul yuziga qaraging kelmaydi. Bir kuni tasodifan oʻzining yumishlari bilan yurgan Behzodni toʻxtatib “Nega bizga salom bermaysan”,- deya soʻroqqa tutadi.

Izzatalab Sanjarning bemaʼni soʻroqlari janjalga aylanib ikkovlon Behzodni doʻpposlaydilar. Olingan tan jarohati tibbiy maʼlumotnomada bosh miya chayqalishi, bosh miya yopiq jarohati, oʻng yonoq va gaymar suyagi sinishi, oʻng koʻz qovoqlari lat yeyishi va qontalashi tashxisi bilan qayd etildi.

Sayoq yurgan tayoq yeydi deganlaridek, Sanjar hamda uning oʻrtogʻi oʻzlarining xatti-harakatlari uchun endi qonun oldida javob beradilar.

Ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага