21 Oktabr 2021 3981

Navoiyda noqonuniy harakatlarini berkitish evaziga pora taklif qilgan fuqaroga nisbatan qonuniy chora koʻrildi

Bugun jamiyatimizda har bir fuqaro oʻz daromadiga ega boʻlishi uchun qulay sharoit mavjud. Kimdir tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullansa yana kimdir ishlab chiqarish korxonalarida oʻz faoliyatini olib bormoqda. Ammo shunday toifa insonlar ham borki qonunni buzish, moʻmay daromad ilinjida jinoyat yoʻliga oʻtish ular uchun arzimagan yumush. 

Asli Uchquduqlik fuqaro M.B koʻp bora ogohlantirilishiga qaramasdan qonunga zid ravishda tarkibida tilla zarrachalari boʻlgan tosh qumlarni qazish faoliyati bilan shugʻullangan. Buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlaridek, mazkur fuqaroning noqonuniy qilmishi Zarafshon shahar Ichki ishlar boʻlimi Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari hamda Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida fosh etildi. Zarafshon shahar yoʻl patrul xizmati maskanida fuqaro M.B boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda 12 dona qopga solingan tarkibida tilla zarrachalari boʻlgan toshlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi. 

Fuqaro M.B qilgan ishi qonunga xilof harakat ekanligini bila turib, oʻziga tegishli xulosa chiqarmasdan ikkinchi jinoiy harakatlarini boshladi. Xalqimizda bukrini goʻr tuzatar degan gap bekorga aytilmagan. Endi fuqaro M.B oʻz aybini xaspoʻshlash hamda toshlarni qayta qoʻlga kiritish maqsadida Zarafshon shahar Ichki ishlar boʻlimi JQB xodimiga 300 AQSH dollari evaziga toʻplangan hujjatlarni yoʻq qilish, sudga chiqarmaslik hamda unga qonuniy chora koʻrmaslikni taklif qilgan. Tezkor xodim tomonidan fuqaroning bu harakati qonunga zid ekanligi bir necha bor aytilishiga qaramasdan fuqaro tomonidan pora taklif etiladi. 

Shundan soʻng tezkor xodimning arizasiga koʻra oʻtkazilgan tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati boʻyicha boʻlimi xodimlari tomonidan fuqaro M.B jinoyat qidiruv xodimiga 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni berayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi tegishli bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qilmish-qidirmish deganlaridek, korrupsion jinoyatga qoʻl urgan fuqaro endi qonun oldida javob berishiga toʻgʻri keladi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага