9 Sentabr 2021 4554

Navoiyda profilaktika inspektorining tezkor qarori tufayli ogʻir jinoyatning oldi olindi

Xatirchi tumanida foydalanishdan toʻxtatilgan tilla konlarini qoʻlbola usulda qonunga xilof ravishda oʻzlashtirib daromad olayotgan mahalliy fuqarolarga nisbatan qonuniy chora koʻrilayotganiga qaramay, hech qanday xavfsizlik qoidalariga amal qilmay turib mazkur xatti-harakatni amalga oshirayotgan shaxslar hali hanuz uchramoqda. Oltin vasvasasi sabab ana shunday konlarning “egalari” yaʼni “Oltinsoy” va «Chilosh» qishlogʻining ikki fuqarosi Ibragimov Shohruh va Murodov Mirzohidlar kon talashib mushtlashganidan xabar topgan profilaktika katta inspektori N.Rahmonov shu zahotiyoq voqea joyiga yetib kelgan. Bu ikki fuqaroga profilaktik tushuntirish ishlarini olib borishiga qaramay haqoratlash va kelgusida ikki qishloq fuqarolari janjali kutilayotganiga ishora qilgan. Bu haqida profilaktika katta inspektori zudlik bilan rahbariyatga xabar beradi. Shundan soʻng esa, “Oltinsoy” qishlogʻida yashovchi 33 nafar va “Chilash” qishlogʻida yashovchi 20 nafarga yaqin fuqarolar taxminan 40-50 metr oraliq masofada bir-birlarini haqorat qilib, janjal qilish maqsadida qoʻllariga tosh va tayoqlar olib toʻplanib turganliklarini koʻrgan xodim janjalni oldini olish maqsadida qoʻshimcha kuch vositalar kelgunga qadar fuqarolarni tinchlantirish choralarini koʻradi.

Ammo ushbu fuqarolar bezorilik negizida, bir-birlarini uyatli soʻzlar bilan haqorat qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjallarini davom ettirishadi. Oqibatda bir-birlariga hamda xodimlarning avtomashinalariga toshlar otib, profilaktika katta inspektori podpolkovnik N.Raxmonovga tegishli boʻlgan Matiz rusumli avtomashinani yaroqsiz ahvolga keltirishgacha yetdi. Vaziyat jiddiy tus oldi. Osmondan tosh yomgʻiri yogʻdi. Toshlar shunchalik koʻp ediki, kim, qayerdan otayotganini sezilmaydi.

Fuqarolar bir-birlariga tosh va tayoqlar otib, janjal qilishni boshlagan vaqtda tuman IIB tergov tezkor guruhi va tuman IIB boshligʻining 1-oʻrinbosari podpolkovnik A.Radjabov boshchiligida 20 nafar xodim voqea joyiga yetib kelishdi. Shundan soʻng ommaviy tus olgan katta janjalni tugatishga erishildi.

Mazkur ommaviy janjalni sodir etgan fuqarolarni aniqlash maqsadida viloyat va tuman IIB xodimlaridan iborat guruhlar tuzilib, har bir qishloq va koʻchalarda tungi xizmat hamda patrullik naryadlari soni oshirildi.

Jamiyatdagi qonun buzilish holatlariga duch kelganimizda aksariyat hollarda bir tomonlama baho beramiz. Vaholanki, mohiyatini chuqurroq anglaydigan boʻlsak har qanday ogʻir jinoyatni oldini olishning hech boʻlmaganda bitta yoʻli mavjudligiga guvoh boʻlamiz. Xatirchi tumanidagi ushbu holat yaʼni bir-birlariga “kichik urush” eʼlon qilgan bu qishloq fuqarolari janjal oqibatida ogʻir tan jarohat olishi yoki kimningdir hayoti jiddiy xavf ostida qolishi mumkin edi. Profilaktika inspektori tomonidan tadbir samarali tashkil etilishi hamda oʻz vaqtida toʻgʻri qaror qabul qilinganligi sabab yirik jinoyatning oldi olindi. Adovatni adolat yengar deganlaridek, sodir etilgan huquqbuzarlik tufayli JIB Xatirchi tuman sudi tomonidan 28 nafar fuqaroga nisbatan sayyor sud yigʻilishi oʻtkazildi. Ulardan 26 nafariga - 15 sutka, 2 nafariga esa - 10 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага