Ofitserlik lavozimlariga tayinlash uchun tashkil etilgan navbatdagi o‘quv kursi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, uzluksiz o‘quv-karyera jarayoni tizimi asosida safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlarni ofitserlik lavozimlariga tayinlash uchun qayta tayyorgarlikdan o‘tishi belgilangan.
Bu borada ichki ishlar vazirining alohida farmoyishi asosida Malaka oshirish instituti bazasida muddati bir oylik bo‘lgan kunduzgi qayta tayyorlash kurslari tashkil etilib, unda respublikamizning turli hududlarida samarali xizmat faoliyatlarini olib borayotgan 51 nafar safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlar qayta tayyorgarlikdan o‘tdilar.
Mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan xodimlarga belgilangan namunadagi sertifikatlarni tantanali topshirish tadbiri tashkil etilib, ushbu marosimda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari, masʼul xodimlari, jamoatchilik vakillari, ichki ishlar faxriylari, tinglovchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov - Bugungi kunda mamlakatimizda soha xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli ichki ishlar organlari saflari chuqur bilim va tafakkurga ega, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual jihatdan yetuk professional mutaxassislar bilan jamlashga alohida ahamiyat berilayotganligini taʼkidlab, ularning kelgusida ofitserlik lavozimlarida xizmat o‘tashlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tantanali tadbirda o‘quv mashg‘ulotlarini to‘liq o‘zlashtirgan, imtihon va sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, o‘quv kursi davomida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati