28 Dekabr 2022 351

Oilaviy ajrimlar muammosi

Karimboy vaqt alla-mahal boʻlganida mahalladosh doʻsti Shokir bilan mast holda uyiga kirib keldi. Uning turmush oʻrtogʻi Sanamjonga bu hol yoqmadi.

Dadasi, bugun roʻzgʻor va tomorqa yumushlari bilan juda charchadim, - dedi Sanamjon horgʻin kayfiyatda. - Issiq ovqatim sal kechikyapti.

Xotinining bu gapi Karimboyga maʼqul kelmadi. Natijada janjal kelib chiqdi. Er-xotin oʻrtasidagi gap-soʻzlarni eshitib oʻtirgan Shokir oʻrnidan turib, ularning oldiga chiqdi va doʻstiga yuzlandi.

Keyin: Xotiningdan ruxsat soʻrab mehmon chaqirsang boʻlmaydimi! -deya kinoyali ohangda uydan chiqib ketdi.

Doʻstining bu gapidan Karimboyning battar jahli chiqib, xotinini kaltakladi. Erining zoʻravonligiga chiday olmagan ayol bolalarini yetaklab otasinikiga ketdi. Karimboy esa yalinib borishni oʻziga ep koʻrmadi. Qarindoshlarning nasihatlariga quloq tutmagan er-xotin oxir-oqibat sud orqali ajrashishga qaror qildi.

Mahalla nuroniylarining maslahati, yoʻl-yoʻriqlariga ham quloq solishmadi.

Shundan soʻng bu masalaga tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Anaposhsha Qurbonova va mahalla profilaktika inspektori aralashdi.

Ikkala tomonning huquq va majburiyatlari, ajrimning oqibatlari hayotiy misollarda tushuntirildi. Bu saʼy-harakatlar yordamida oiladagi salbiy muhit asta-sekin ijobiy tomonga oʻzgara boshladi.

Karimboy ishga joylashtirildi. Shu tariqa, er-xotin oʻrtasidagi kelishmovchilikka barham berildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash, ular oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Hazorasp tumanida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda probatsiya guruhi hisobida turuvchi xotin-qizlar bilan muntazam profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, ularga yashash va ish joylaridan murabbiylar biriktirilgan.

Shuningdek, odob-axloqqa qarshi huquqbuzarliklar sodir etgan xotin-qizlarning oilaviy ahvoli, muammolari va huquqbuzarliklarining sabablari oʻrganib chiqildi.

Natijada ularning aksariyati nosogʻlom muhitda yashayotgani, ota-onalarning qarovi va nazoratidan chetda qolib ketgani ayon boʻldi. Shu bois nafaqat ularning oʻzlari, balki oila aʼzolari bilan ham profilaktik chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Hamkorlikdagi tadbirlar davomida 904 ta notinch va muammoli oila hisobga olingan boʻlib, ular bilan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar oʻtkazib kelinmoqda, - deydi tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Anaposhsha Qurbonova.

Ajrim yoqasiga kelib qolgan 67 ta oila yarashtirilishiga erishildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini bartaraf qilish boʻyicha tegishli tashkilotlar vakillari bilan birga tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xudoybergan Jabborov, “Postda” muxbiri. Xorazm viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага