19 Fevral 2023 412

Olov bilan olishib. Sayxunobodlik profilaktika inspektori yongʻinni oʻchirishda fidoyilik koʻrsatdi

Yoʻriqnomadan soʻng leytenant Farrux Abdunazarov mashinasida oʻz hududi tomon ketarkan, yoʻl-yoʻlakay oʻyga toldi. Mana, ikki yildirki, Sayxunobod tumanining “Oʻzbekiston” mahallasida profilaktika inspektori boʻlib xizmat qilyapti.

Rosti, ichki ishlar organlari safiga kirish orzusida yurganida, zimmasiga bu darajada katta masʼuliyat yuklanishini bilmagandi. Axir, hududdagi kriminogen vaziyatni nazorat qilish, jinoyatga moyil insonlar bilan ishlashning oʻzi bir taraf, aholi muammolarini oʻrganish, nizoli oilalardagi janjallarni bostirishning oʻzi bir taraf.

Mahallaga yetganida uni oqsoqol kutib turardi. Ular xonadonma-xonadon yurishlari kerak. Mahalladagi salkam 3500 aholidan har birining oʻz tashvishi bor. Har biriga quloq tutish kerak, har birining muammosini hal etish zarur. Ular mahallaning quyiroqdagi mavzesiga kirib borishganida kun choshgohga yetgandi. Toʻrt-besh oilaning holidan xabar olishga ulgurmay, Farruxning telefoni jiringladi.

— Allo, Farruxjon, yordam bering! Uyim yonayapti!..

Telefon qilayotgan ayol mahallada yashovchi 1-guruh nogironi Anvar Yarmanovning turmush oʻrtogʻi. Oila ijtimoiy himoyaga muhtoj. Profilaktika inspektori sifatida bu xonadonda koʻp boʻlgan, homiylar koʻmagida yordam koʻlini choʻzgan. Oila bekasi profilaktika inspektorini yaxshi tanigani bois birinchi boʻlib unga qoʻngʻiroq qilgan ekan. Farrux tezda yongʻin xavfsizligi xizmatiga qoʻngʻiroq qildi. Keyin mahalla raisi bilan mashinasiga oʻtirib, koʻmakka shoshildi.

“Obihayot” koʻchasiga yaqinlashishar ekan, uzoqdan burqsigan qora tutun koʻzga tashlandi. Farrux yetib kelishi bilan yordamga otildi. Koʻshnilar endigina suv tashishar, yongʻin oshxonaning tomiga oʻta boshlagandi. Shifer tagidan olovning qizil tili yalt-yalt koʻzga tashlanib turardi. Uy bekasining figʻoni falak. Hech kimning tomga chiqishga yuragi betlamasdi. Farrux oʻylab oʻtirmay, narvon yordamida tomga chiqdi. Unga chelakni uzatishdi. Chelaklar qoʻlma-qoʻl boʻlib yetib kelar, u bir urinishdayoq suvni sepib boʻshatardi. Olov yuz-koʻzlariga urilar, qoshlari, sochlari kuyganini his qilib turardi. Lekin chekinishni hayoliga ham keltirmasdi.

Jonsarak inspektor olovni oʻchirib, pastga tushganida, aʼzoyi badani qizib ketgan, tinimsiz ter oqardi... Uy egalari xaloskor xodimga minnatdorlik koʻzlari bilan termulishar, boshqa soʻzga hojat yoʻq edi...

Abdurahmon MUSTAFOQULOV, “Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага