Oltinsoy tumanida fuqarolar tomonidan jamoat tartibini buzish holati yuzasidan ma'lumot
Surxandaryo viloyati IIB Axborot xizmatining ma'lumot berishicha, joriy yilning 14 fevralda viloyatning Oltinsoy tumanining “Halqabod” mahallasi hududida joylashgan fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan er maydoniga mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy uy-joy qurib olinganligi holatiga aniqlik kiritish hamda ushbu erlarni fermer xo'jaligiga qaytarish maqsadida, tuman hokimiyatining qurilish masalalari bo'yicha vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo'limi boshlig'i, Surxondaryo viloyati er tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasi Oltinsoy filiali mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Oltinsoy tuman hokimining 2019 yil 6 dekabr` kunidagi farmoyishi ijrosini ta'minlash uchun manzilga chiqib, mahalliy fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtlarida, ayrim fuqarolar qo'llariga turli buyumlar (tayoq, bolta, toshlar, bel kurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida o'rtada janjal kelib chiqqan.
Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun 16.00larda voqea joyiga etib borgan tuman IIB xodimlari, mahalliy aholi tomonidan jamoat tartibini buzishni to'xtatib, uylariga tarqashni talab qilganlarida, mahalliy fuqarolardan I.Muxammadiev, D.Muxammadiev, F.Nurov, A.Toshov, S.Muxammadiev va A.Safarovlar ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko'rsatib, qo'llaridagi buyumlar bilan tajovuz qilganlar.
Ko'rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan.
Huquqbuzarlarning tajovuzlari natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga “Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o'ng qosh usti, o'ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jaroxatlari, o'ng ko'z qavog'i yumshoq to'qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o'ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jaroxat”, shuningdek profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “Chap elka o'mrov akramiyal bo'g'imi sohasi yumshoq to'qimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari etkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Shu o'rinda fuqarolarimizdan har qanday vaziyatda jamoat tartibini buzishlariga yo'l qo'ymaslikni, nizoli vaziyatlarni qonuniy tartibda hal etishlariga chaqirib qolamiz.
Mamlakatimizda qonun ustivorligi ta'minlanadi hamda aybdorlar qilmishidan qat'iy nazar javobgarlikka tortiladi.
IIV Axborot xizmati