"olx.uz" saytida ijaraga xonadon izlovchilarni pullarini o'zlashtirgan jinoiy guruh qo'lga olindi
Hammamizga ma'lumki, poytaxtimiz Toshkent shahrida joylashgan davlat tashkilotlari va muassasalarida ishlaydigan xodimlarning bir qanchasi viloyatlardan ko'chib kelib, ota-onasidan uzoqda, elim-yurtim deb mehnat faoliyatini olib boradi.
Davlat manfaatlari yo'lida xizmat qilayotgan ushbu mehnatkash insonlar poytaxtga kelgan dastlabki kunlaridan o'zi va oilasi yashashi uchun munosib sharoitlarga ega, har tugul arzon narxdagi xonadonni ijaraga olishni istaydilar. Buning uchun ular ijaraga uy topish ancha oson bo'lgan “olx.uz” platformasidan foydalanadilar.
Biroq, oramizda shunday insonlar borki, ular turli noqonuniy yo'lar bilan boylik orttirish maqsadida, tug'ilib o'sgan shahar-qishlog'idan, ota-onasi, qarindoshlaridan uzoqda yurgan vatanparvar fuqarolarimizni aldab, arzon va sifatli uy-joylarni ijaraga berishni va'da qilib, ularning peshona teri bilan topayotgan, misqollab yig'ayotgan mablag'larini talon-taroj qilmoqdalar.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o'tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, bir necha yildan buyon yuqorida ko'rsatilgan jinoiy harakatlarni amalga oshirib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo'yildi.
2021 yilning 1 iyun` kuni fuqaro A.A.X. o'zining jinoiy faoliyatini davom ettirayotgan paytda qo'lga olinib, uning yonidan bir dona sovuq qurol, jabrdiyda fuqarolardan o'g'irlangan bank plastik kartalari va mobil aloqa kompaniyalarining bir nechta sim kartalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, fuqaro A.A.X. yosh bo'lishiga qaramasdan engil pul topish, oson yashab, o'zgalar hisobidan kun kechirishga mukkasidan ketadi, qarovsiz, tayinli yashash joyiga ega bo'lmasdan, ko'ngilxushliklar va shohona yashash uchun hech kimning hayoliga kelmagan yo'lni o'ylab topadi.
U internetdagi olx.uz sayti orqali poytaxtimiz markazida joylashgan xonadonlardan birini ijaraga beraman, deb e'lon sahifasiga e'lon joylashtiradi. Tabiiyki arzon narxdagi barcha qulayliklarga ega bo'lgan xonadon viloyatlardan kelgan ijarada yashovchilarning e'tiborini o'ziga qaratadi.
Unga telefon orqali aloqaga chiqqan fuqarolarga o'zini harbiy xizmatchi deb tanishtirib, hozirda boshqa viloyatda ekanligini va xizmat safaridan 2-3 kunda poytaxtga qaytgach, ijaraga oluvchiga xonadonni ko'rsatishini, boshqa odamga ijaraga bermaslik uchun esa oldindan plastik kartasiga pul o'tkazib berishi kerakligini aytadi.
Shu tariqa, fuqaro A.A.X. o'ziga tegishli bo'lmagan bir nechta plastik kartalarga pul mablag'larini o'tkazib olgan zahoti mijozlar bilan aloqani uzadi.
Fuqaro A.A.X. ushbu uslub bilan poytaxtda ijaraga xonadon olmoqchi bo'lgan 100 nafardan ortiq fuqarolarning har biridan 200 ming so'mdan 2 mln. so'mgacha, bir yil davomida, uning tuzog'iga ilingan jabrdiydalarning umumiy miqdori 80 mln. so'mdan ortiq miqdordagi mablag'larini noqonuniy yo'llar bilan talon-taroj qilgan.
Hozirda fuqaro A.A.X. qo'lga olinib, unga nisbatan tegishi ehtiyot chorasi qo'llanilgan, shuningdek fuqaro A.A.X.ning jinoiy sheriklarini aniqlash yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
IIV Kiberxavfsizlik markazi