Ombudsman boshchiligida Tovoqsoydagi 7-son jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar oʻrganildi
2023-yilning 27-mart kuni Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Toshkent viloyatidagi 7-son jazoni ijro etish muassasasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda mahalliy va xalqaro OAV ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.
Tashrifi davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash boʻlimi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar oʻrganildi. Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazildi.
Ushbu muassasaga oʻtkazilgan avvalgi monitoring tashriflaridan birida oshxonadagi sharoitlarni yaxshilash boʻyicha Ombudsman tomonidan tavsiyalar bildirilgan edi. Monitoring davomida oshxona 2022-yilda toʻliq taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgani maʼlum boʻldi. Mahkumlarga 3 mahal belgilangan menyu asosida ovqatlar beriladi.
«Ozodlikda boʻlgan paytlarim jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar yaxshi emasligi haqida turli xil gaplar eshitganman. Hozir ham koʻpchilik shunday deb oʻylaydi. Kelganimga 11 oy boʻldi. Bunday ovqatlar berilishini toʻgʻrisi oʻylamagan edim. Dam olish kunlari osh qilib berishadi. Baliq, tushlikda birinchi va ikkinchi ovqatlar tortiladi. Sexlardagi sharoitlar ham yaxshi. Oila aʼzolarim kelishganda ularga ham aytaman, sharoitlar yaxshi, boshqalarga ham yetkazing»- dedi mahkumlardan biri.
Jamoatchilik guruhlari aʼzolarining eʼtiborini tortgan jihatlardan yana biri elektron magazin xizmatining joriy etilgani boʻldi. Koloniyaga oʻrnatilgan elektron monitor orqali mahkumlar, oldindan shartnoma qilingan tadbirkorlik subyektlari, yirik supermarketlar mahsulotlaridan buyurtma qilishmoqda. Buyurtma yetkazib berilgandan soʻng toʻlov amalga oshiriladi.
Qayd etish lozimki, shu kunlarda dunyo hamjamiyatining diqqat eʼtibori Oʻzbekistonga qaratilgan. Chunki mamlakatda muhim jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendumni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlangan Referendumda ozodlikdan mahrum etilgan, biroq ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ham ovoz berish imkoniyati yaratildi. Mingdan ortiq mahkumlar saqlanadigan mazkur muassasada 6 ta ovoz berish huquqiga ega boʻlgan mahkumlar mavjud. Ular bilan suhbatlashilganda albatta referendumda ishtirok etishlari, konstitutsiyaviy islohotlardan xabardorliklari, madaniy hordiq paytida turli koʻrsatuvlarni koʻrishlari va muassasa tomonidan ham tushuntirishlar berilishini aytishdi.
Shuningdek, monitoring davomida mahkumlarga yaratilgan mehnat sharoitlari oʻrganildi. 7-son jazoni ijro etish muassasasi rahbari, polkovnik Sharofiddin Usmonovning soʻzlariga koʻra, hozirda 9 ta, tikuvchilik, yogʻoch oʻymakorlik, mebellar tayyorlash, metalldan yasalgan va chinni buyumlar, shisha idishlari ishlab chiqarish, toʻqish va boshqa sexlar mavjud. 2022-yilda yangi kasbga oʻrgatilgan 282 nafar mahkumga sertifikatlar berilgan. Sexlardan tushgan foyda hisobiga yana 2 ta yangi sex qurilgan. Hozirda mahkumlarning 62 foizi ish bilan taʼminlangan. Yangi sexlar ishga tushishi bilan mahkumlar bandligi 75 foizga oshiriladi. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.
Ish haqqi masalasida bir nechta mahkumlar bilan suhbatlashilganda, sexlarda ishbay asosida mehnat toʻlanishi, tikuvchilik sexida Hattoki, koʻp ishlagani uchun 2,5-3 mln soʻmgacha ish haqi olayotganlar ham borligi, aksariyat mahkumlar esa 1 mln soʻm atrofida ish haqi olishlari aytildi.
Avval chet tillaridan dars bergan mahkum muassasa maʼmuriyatiga ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha taklif bilan kirganda, uning iltimosi eʼtiborga olinib sinfxona tashkil etilganini va 2 yildan ortiq vaqt davomida dars oʻtayotganini qayd etdi. Hozirda 200 dan ortiq mahkumlarga ustozlik qilayotgan ushbu mahkum oʻzi ham qilgan ishidan pushaymon ekanligi, toʻgʻri xulosa chiqargani ham maʼlum qildi.
Mahkumlarga yaratilgan tibbiy xizmat sifati ham oʻrganilganda, dori-darmon, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat borasida hech qanday shikoyatlar kelib tushmadi. Lekin, muassasada 8 ta shifokor shtatidan 4 tasi vakant ekani maʼlum boʻldi.
Maʼlumot uchun, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining olish maqsadida 2021-yilda Ombudsman tomonidan 177 ta monitoring tashriflari oʻtkazilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 381 marotabani tashkil etgan.
Monitoring tashriflari davomida 2022-yilda 6 mingdan ortiq shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar, 1 657 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.
2022-yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3235 ta (2021-yilda 4541 ta) murojaat kelib tushdi. Ularning 1699 tasi yoki 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Ushbu shikoyat va arizalar koʻrib chiqilishi natijasida 2022-yilda prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qoʻshimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish belgilandi. 21 ta murojaat boʻyicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrogʻiga oʻzgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy koʻmak berildi. 21 nafar mahkum Jazoni ijro etish departamenti tomonidan insonparvarlik tamoyili asosida, istisno tariqasida, yashash joyiga yaqin boʻlgan hududdagi koloniyaga oʻtkazildi.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Eslatib oʻtamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish boʻyicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etilib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati