Oʻrganishlar, tahlillar, xulosalar - islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov va Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishib, shahar va tumanlar hamda kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borilayotgan ishlarni oʻrgandi.
Xorazm. Dastlab joriy yilning fevral oyida foydalanishga topshirilgan Xiva tumani IIB va tuman prokuraturasi yangi binolarida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, jinoyatchilikni «mahallabay» usulida jilovlash borasida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlarning natijadorligi, sektorlar rahbarlarining fuqarolar qabuli, probatsiya hisobida turgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha taqdimoti bilan tanishildi. Ichki ishlar organlari bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh jamoatchilik vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazilib, ularga esdalik sovgʻalar topshirildi.
Shundan soʻng ishchi guruh aʼzolari Xiva shahridagi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlishdi. Bunda asosiy eʼtibor xorijlik va mahalliy sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyat tahliliga qaratildi.
Shuningdek, masofadan kuch va vositalarni boshqarish boʻyicha taqdimot hamda “Vaziyatlar markazi” faoliyati bilan tanishildi.
Ishchi guruh Hazorasp tumani “Bogʻdor” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 5-sonli huquq-tartibot maskaniga ham tashrif buyurdi. Maskanda ichki ishlar organlari, milliy gvardiya va jamoatchilik vakillarining hamkorlikdagi faoliyati, yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi.
Bundan tashqari, mahalla hududidagi uchta ulgurji bozorga oʻrnatilgan shaxsni yuzidan tanib oluvchi videokameralar integratsiya qilingan “Vaziyatlar markazi” faoliyati ishchi guruhga tanishtirildi.
Uchinchi kuni viloyat IIB binosida jamoat joylarida sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan “Xavfsiz hayot” mobil ilova dasturining taqdimoti oʻtkazildi.
Soʻngra Urganch tumanidagi 39-umumtaʼlim maktabida besh muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Oq maktab” mahalla fuqarolar yigʻinida esa nuroniylar, sektor rahbarlari, mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi ishtirokida aholi muammolari bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash amaliyoti oʻrganildi.
Ishchi guruh tashabbusi bilan uch kun davomida viloyatda aholi osoyishtaligi taʼminlash, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida tezkor-profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada 53 ta jinoiy, 146 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holati aniqlandi. Jinoyat sodir etib, qidiruvda boʻlgan 17 nafar shaxs ushlandi.
Viloyat hokimligida sektorlar rahbarlari, profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz hovli” tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov soʻzga chiqib, joriy yilning birinchi choragida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil qildi.
Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda «mahallabay», «xonadonbay», «fuqarobay» tamoyillari asosida ish olib borish, har bir huquqbuzarlikni mahalla faollari ishtirokida joyida muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻrganishlar natijalariga koʻra, xizmat vazifasiga masʼuliyatsiz munosabatda boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlariga intizomiy jazo choralari koʻrildi.
Xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan bir guruh xodimlar esa ragʻbatlantirildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning kelib chiqishining asosiy omili ishsizlikdir. Bu muammoning yechimi esa «mahallabay» ish uslubini hayotga toʻgʻri tatbiq etish hisoblanadi.
Shu bois ishchi guruh tomonidan sektor rahbarlarining bu boradagi tashabbuskorligi, amalga oshirayotgan ishlari natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi.
Ishchi guruh masʼullari dastavval Nukus shahridagi Qumovul mahallasida nuroniylar, mehnat faxriylari bilan uchrashdi. Unda keksa avlod vakillari bilan dildan suhbat qurilib, ularning muammo va takliflari tinglandi. Yosh avlodni tarbiyalash, mahallalarda sogʻlom muhitni shakllantirish, oila-turmush masalalaridagi muammolarni hal qilishda faxriylarning oʻrni beqiyos ekani alohida eʼtirof etildi.
Keyingi manzil Nukus shahridagi Teleoray mahallasi boʻldi. Bu yerda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining hamkorlikdagi faoliyati, sektorlar rahbarlarining jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlari oʻrganildi. Oʻrganishlar jarayonida hududda ayollar va yoshlar oʻrtasida jinoyat sodir etilishi holati koʻpaygani qattiq tanqid qilindi.
Taxiatosh tumanidagi Doʻstlik mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining aholi muammolarini aniqlash hamda hal etish boʻyicha amaliyoti oʻrganilib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning doimiy daromad manbaini yaratish maqsadida ularga parranda, quyon, mayda shoxli chorva mollari, shuningdek, inkubatorlar, qishloq xoʻjaligi texnikalari berildi.
Shundan soʻng Taxiatosh tumanidagi “Naymankoʻl” ovul fuqarolar yigʻinida Surxondaryo viloyati hokimligining tumandagi ishchi guruhi shtabida jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka koʻmaklashish boʻyicha olib olib borilayotgan ishlar oʻrganildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Ostona gilam” MCHJda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan. Bundan tashqari, ovulda tashkil etilgan issiqxonalarda aholi bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaini yaratish boʻyicha eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilgan.
Oʻrganishlar davomida mahallarni jinoyatdan holi hududlarga aylantirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida tezkor-profilaktik tadbirlar ham olib borildi.
Ana shunday tadbirlarning birinchi kunida 22 ta jinoiy, 46 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holat aniqlandi, 2 nafar qidiruvdagi shaxs qoʻlga olindi.
Kunduzgi va tungi «Avtoreyd» tadbirlarida esa 1201 nafar haydovchi qoidabuzarligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ular bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Bu kabi oʻrganishlar Beruniy va Ellikqalʼa tumanlarida ham boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati