12 Sentabr 2021 527

Osoyishtaligimiz posbonlarining mashaqqatli va jasoratga boy faoliyati ifodalangan majmua

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab, “Oʻzbekistonda jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash tarixi” monografiyasi chop etildi.

General-leytenant Bahodir Matlyubov muallifligida nashr qilingan ushbu kitobda oʻzbek davlatchiligining shakllanishi va rivojlanishi davrida jamoat tartibi hamda osoyishtalikni saqlash borasida olib borilgan ishlar, jonbozliklar tarixiy fakt va dalillar, hayotiy misollar asosida yoritib berilgan.

Barchamizga maʼlumki, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq izchillik bilan tinchlikparvar siyosatni yuritib kelmoqda. Oʻzbekistonda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning samarali tizimi yaratilgan.

Globallashgan bugungi dunyoda odamlarning xotirjamligini, davlat xavfsizligini taʼminlash, har qanday xatarlarning oldini olish qanchalar murakkab, nozik va qaltis masala ekanligi hech kimga sir emas. Shu bois respublikamiz ichki va tashqi siyosatida tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, barqarorlikka erishish ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylangan.

Zero, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Tinchlik va sogʻliq — har bir inson uchun bebaho neʼmat. Agar shu ikki sohada oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga erishsak, bu eng katta yutugʻimiz boʻladi va xalqimiz bizdan albatta rozi boʻladi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va organlari oʻziga xos, murakkab tuzilishga ega. Ushbu tuzilmaning muhim vazifasi — qonuniylik va huquq-tartibotni muntazam mustahkamlab borish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashishdan iborat.

Yurtimiz istiqlolining dastlabki yillaridayoq sobiq ittifoq Ichki ishlar vazirligiga qarashli taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy va oʻrta maxsus maktablari negizida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etilishi el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga qodir boʻlgan yuqori malakali qadrlar tayyorlashning kompleks tizimini yaratishda ilk qadamlardan biri boʻldi.

Osuda hayotni taʼminlash uchun qaysi sohada mehnat qilishimizdan qatʼi nazar, barchamiz astoydil harakat qilishimiz, fidoyilik koʻrsatishimiz talab etiladi. Bu, oʻz navbatida, barcha huquq-tartibot idoralari, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida zamonaviy koʻrinishdagi ichki ishlar organlari shonli va zafarli yoʻlni bosib oʻtdi, oʻz vaqtida fuqarolarning tinchligi va huquqlarini himoya qilishda mislsiz jasorat koʻrsatdi.

Tarixda xalqimiz boshidan kechirgan suronli voqeliklar, ogʻir va mashaqqatli davrda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda huquq-tartibot posbonlarining qoʻshgan ulkan hissasini oʻzida har tomonlama aks ettirgan yaxlit ilmiy-tarixiy kitob yoki hujjatlar toʻplami shu paytga qadar yaratilmagan edi.

Darhaqiqat, bu kitob Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari bosib oʻtgan tarixiy yoʻlni umumlashtirishdagi ilk harakat hisoblanadi. Keng kitobxonlar eʼtiboriga havola etilayotgan mazkur monografiya maʼlum darajada Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari bosib oʻtgan tarixiy yoʻlga oid bilimlar boʻshligʻini toʻldiradi. Dastlab Turkiston ishchi-dehqon sovet militsiyasining paydo boʻlishi, uning xalqimiz erishgan yutuqlarni himoya qilish uchun kurashi, mustaqillik arafasi hamda mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tuzilmasi va faoliyati haqidagi tasavvurlarimizni yanada kengaytirishga, bilimlarimizni boyitishga xizmat qiladi.

Muallif mamlakatimizning huquq-tartibot idoralarida 40 yildan ortiq xizmat qilgan. U xavfsizlik va osoyishtalik posbonlarining faoliyatini ichdan biladi. Ularning kuchli iroda va qahramonlik fazilatlariga guvoh boʻlgan, murakkab va qaltis jarayonlarda necha bor ishtirok etgan. Shu bois B. Matlyubov buyuk ajdodlarimiz amalga oshirgan buyuk tarixiy ishlarni, ularning yengilmas irodasi va matonatini, qahramonliklarini, oʻtgan tahlikali yillar haqiqatini aniq misollar asosida zamondoshlarimizga, avlodlarga yetkazishga maʼnan haqli hamda u bu sharafli vazifani mazkur kitob vositasida muvaffaqiyat bilan uddalagan, desak, mubolagʻa emas.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining jasoratga toʻla tarix zarvaraqlarini oʻqir ekanmiz, uning kuchi mehnatkashlar keng ommasining tayanchi, xalqning qoʻllab-quvvatlashi bilan chambarchas bogʻliq ekanini yaqqol anglashimiz mumkin.

Kitobda huquq-tartibot xodimlarining bugungi kundagi faoliyatiga, tizimda amalga oshirilayotgan keng miqyosli oʻzgarishlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Binobarin, hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan aniq vazifa va yoʻnalishlarning ijrosini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jadal tus olmoqda.

2017-yilning 10-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlari aniq belgilandi.

Bugun yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan “xavfsiz shahar”, “xavfsiz qishloq”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz oila” konsepsiyalari bois turmush obodligi, yurt osoyishtaligi barqaror, kunlarimiz barakali, tunlarimiz hadik-xavotirsiz, sokin, osmonimiz musaffo.

Ana shunday saodatga erishishda huquq-tartibot va osoyishtalik posbonlarining mehnati, ularning samarali faoliyatiga oid sohaviy islohotlar, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yoʻlida katta ishlar olib borilayotgani, barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgani kitobda keng yoritilgan.

Prezidentimiz 25-oktyabr — Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida: “Mustaqillik yillarida bugun mamlakatimiz qatori ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi. Soha xodimlarining jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatini, ayniqsa, ularning bugungi pandemiya sharoitida koʻrsatayotgan jonbozliklarini xalqimiz yaxshi anglaydi va munosib qadrlaydi”, deya faoliyatimizga yuksak baho berdi.

Mazkur kitob mazmun-mundarijasi, oʻziga xos zamonaviy dizayni ana shu eʼtirofga hamohang ekanligi bilan koʻngillarimizni yanada ravshan etadi.

Zokirjon ALMATOV, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik
"Xalq so'zi" gazetasi

© 2006-2021. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага