8 Noyabr 2021 3978

Osoyishtalikka baxshida umr

Keyingi yillarda ichki ishlar organlarida boy tajribaga ega soha faxriylari ishtirokida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazish yaxshi an'anaga aylandi. Ana shunday tadbirlardan biri IIV Akademiyasida bo'lib o'tdi. Unda tabarruk 80 yoshni qarshilagan iste'fodagi general-mayor Tel`man Murodxo'jaevning ibratli hayoti va xizmat faoliyati haqida so'z bordi.

Tadbirni Ichki ishlar vaziri o'rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov ochib, mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar, faxriylarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikka alohida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, iste'fodagi general-mayor T.Murodxo'jaevning soha ravnaqi, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi sharafli xizmatlari haqida so'z yuritdi.

Tantanali anjumanda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, IIV Faxriylar kengashi raisi erkin Norgitov, IIV Akademiyasi boshlig'i, polkovnik Rustam Xatamov, iste'fodagi general-leytenant Bahodir Matlyubov va boshqalar so'zga chiqib, T. Murodxo'jaevning Vatanimiz mustaqillikka erishish arafasida, og'ir va tahlikali damlarda mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olishdagi fidoyi xizmatlari, qat'iyati hamda insoniy fazilatlari haqida yig'ilganlarga so'zlab berdi. Xususan, Andijon va Samarqand viloyatlari IIB boshlig'i, vazir o'rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan chog'larida jinoyatchilikning payini qirqish maqsadida qilgan aniq va tezkor qarorlari ichki ishlar organlarini xalqqa yaqinlashtirish, odamlarning xodimlarga bo'lgan ishonchini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo'lganligi aytildi. O'z navbatida, iste'fodagi general-mayor T. Murodxo'jaev yuksak e'tirof va e'tibor uchun vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, bugun yosh xodimlar yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.

Tadbir yakunida T.Murodxo'jaevning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Osoyishtalik ortidagi tikonli yo'l» hujjatli fil`mi namoyish etildi.

Sherzod ABDUSAMADOV, «Postda» muxbiri. Abu KENJAEV olgan surat.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага