14 Mart 2023 1467

Oʻta yirik miqdorda firibgarlik sodir etgani uchun qidiruvga berilgan jinoyatchi Latviyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda boʻlgan jinoyatchi ekstraditsiya qilindi.

Toshkent va Rigada faoliyat yurituvchi Interpol MMBlarning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli, ikki davlat mazkur tashkilotlarining rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralar natijasida firibgarlikda ayblanayotgan xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi Oʻzbekistonga berildi.

Qidiruvdagi shaxs bir necha yillar davomida jabrlanuvchi Amerika Qoʻshma Shtatlariga chiqib ketishni niyat qilganini bilib, AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xodimi sifatida oʻzini tanishtiradi va hujjatlarni rasmiylashtirish, xorijga chiqishga ruxsat olishda oʻz xizmatlarini taklif qiladi. Xizmatlari esa tekin boʻlmagan, albatta. Shu tariqa, firibgardan ancha insonlar jabr koʻrdi. Jinoyatchini qoʻlga olish oson boʻlmadi, chunki u Oʻzbekistondan chiqib ketganidan keyin shaxsiy maʼlumotlarini oʻzgartirib, xorijiy davlatning soxta pasportidan foydalangan holda, jinoiy faoliyatini davom ettirib, oʻzini hamon elchixona xodimi sifatida tanishtirib, barcha xizmatlarni koʻrsatib, firibgarlik yoʻli bilan jabrlanuvchilarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirib olgan.

Biroq qidiruvda boʻlgan shaxsni aniqlash boʻyicha uzoq davom etgan jarayonga qaramay, uning chet el pasportini soxta, shaxsiy maʼlumotlarini esa haqiqiy emas deb topib, Toshkent va Riga Intnerpolning MMB birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlanib, qoʻlga olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan soʻng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamkorligida adolat qaror topishi uchun Oʻzbekistonga olib kelindi.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага