26 Yanvar 2023 373

Otam — maslakdoshim, deydi leytenant Bahodir Qutliyev

Baxtiyor Qutliyev qariyb 30 yil ichki ishlar organlari sohasida samarali xizmat qildi. U 2017-yilda Navoiy viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimidan podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqdi. Lekin shundan keyin ham tinib oʻtirgani yoʻq. Bir necha yil maʼmuriy ishlar boʻyicha Navbahor tuman sudida sudya boʻlib ishladi. Hozirda esa navoiyliklarga advokatlik xizmati koʻrsatmoqda.

Aksar oʻgʻil bolalarga oʻxshab Bahodir ham otasiga havas qilib voyaga yetdi. U aynan Baxtiyor aka isteʼfoga chiqqan yili IIV Akademiyasi kursantlari safiga qoʻshildi. Nazarimizda, bu tasodifda ham oʻziga xos majoziy maʼno bordek.

Otasining izidan borib, uning ishini davom ettirayotgan leytenant Bahodir Qutliyev 2021-yildan buyon Navoiy shahar IIB JXX HPB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Oilaviy kelishmovchiliklar hamda otasining ichkilikka mukkasidan ketganligi tufayli ota-onasi ajrashishganida, Umrzoq (ismlari oʻzgartirildi) hali bir yoshga ham toʻlmagan edi. Koʻp oʻtmay onasi boshqa kishiga turmushga chiqdi. Bu inson Umrzoqni oʻz farzandiday qabul qildi. Oilada birin-ketin ikki qiz tugʻildi. Ular totuv va hamjihatlikda yashashardi.

Umrzoq 15 yoshga toʻlganida tanishlaridan otasi oʻgayligini eshitib qoldi. Shundan soʻng oʻzini gʻalati tuta boshladi. Otasi bilan kelishmay, salga arazlaydigan boʻldi. Bora-bora oiladagi vaziyat keskin tus oldi, u uydan qochib ketadigan odat chiqardi. Ikki marotaba leytenant Bahodir Qutliyev uni topib, uyiga qaytardi. Ammo oxirgi gal ancha payt dom-daraksiz ketdi. Hatto qidiruv ham eʼlon qilindi.

Bahodir 20 kundan keyin viloyat IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida saqlanayotgan boladan Umrzoqning xabarini eshitdi. Shuncha kun bola koʻcha-koʻyda yashab yurgan ekan. Uni Gʻalaba shohkoʻchasidan topdi. Bahodir Umrzoqni dastlab mazkur Markazga joylashtirdi. U bilan dildan suhbatlashdi. Tushkunlikdan chiqishi uchun koʻp bosqichli treninglar tashkil etdi. Oʻgay otasi bilan yolgʻiz uchrashuvlar uyushtirdi. Shundan soʻng oʻsmirning ruhiy ahvoli yaxshilandi. U bir oylik sinov davridan keyin oilasiga qaytdi. Hozir ota-bolaning munosabatlari yaxshi. Buning uchun Umrzoqning ota-onasi leytenant Bahodir Qutliyevdan minnatdor.

— Oʻsmirlarning oʻtish davridagi ruhiyati ancha murakkab boʻladi. Tarbiyasi ogʻir bolalar bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelganimda otamdan yoʻl-yoʻriq soʻrab, tavsiyalariga amal qilaman. Kasbim yuzasidan beminnat maslahatdoshim borligi uchun Allohga shukur, — deydi leytenant Bahodir Qutliyev.

Mahliyo XOLOVA, “Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага