Otryadlar oʻrtasida “Eng yaxshi saf qoʻshigʻi” koʻrik tanlovi oʻtkazildi
Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti tomonidan IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi Oʻquv-dala markazida tashkil etilgan oʻquv kursi tinglovchilarining taʼlim jarayonlari davom etmoqda.
Ushbu jarayonlarda yosh xodimlarning sohaga oid bilimlari, saf tayyorgarligi, sport va jangovar tayyorgarligini mustahkamlash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda «14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni» munosabati bilan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqoni” shiori ostida “Eng yaxshi saf qoʻshigʻi” nominatsiyasi boʻyicha koʻrik tanlov oʻtkazildi.
Darhaqiqat, qoʻshiq ezgulik uchun xizmat qilsa, qalblarda gʻurur va iftixorni alangalatib, vatanga boʻlgan mehr-muhabbatni tarannum etsa, qadr-qimmati oshib boraveradi.
Tanlovda tinglovchilar saf tuzilmasida harakatlanib, tinchlik va vatanni madh etuvchi qoʻshiqlarni kuylagan holda saf maydonidan yurib oʻtdilar. Bunda 3-otryad shaxsiy tarkibi “Elim deb, yurtim deb yashar xodimlar” qoʻshigʻi bilan ishtirok etib, eng yaxshi ijro uchun faxrli 1-oʻrinni egalladi. Faxrli 2-oʻrinni “Bayrogʻing boshingda hilpirar” qoʻshigʻi bilan 2-otryad shaxsiy tarkibi egallagan boʻlsa, 1-otryad shaxsiy tarkibi “Yurt qalqonlari” qoʻshigʻi bilan 3-oʻrinni egalladi.
Vatanimizni, milliy armiyamizning shonu shavkatini, tinchlik va osoyishtalik posboni boʻlgan harbiy xizmatchilarning sharafli xizmatini tarannum qiluvchi betakror va ohangdor qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilarining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlib, qalblardan joy oldi.
IIV Malaka oshirish instituti masʼullari tomonidan gʻolib jamoalarga faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalar topshirildi.
IIV JXD YHXX yetakchi mutaxassisi, leytenant Sh.Raxmonov