Oʻzaro hamkorlik – ish samaradorligining asosi
Joriy yilning 22-dekabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan ayol xodimalar ishtirokida boshqa davlat idora va tashkilotlari bilan hamkorlikda samarali ish olib borishni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan navbatdagi yigʻilish oʻtkazildi.
Bunda, viloyat Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 70 ga yaqin ayol xodimalar, ichki ishlar hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmalari masʼullari, Oʻzbekiston Respublikasi Senat aʼzolari ishtirok etdi.
Uchrashuvni viloyat IIB Maʼnaviy maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari – viloyat IIB Xotin-qizlar kengashi raisi podpolkovnik Shaxnoza Safarova ochib berib, dastlab, ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan xodimalarining turli davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ishlari, yutuq va kamchiliklar yuzasidan soʻz yuritdi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Senati aʼzosi, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha (Ombudsman) Buxoro mintaqaviy vakili, professor Abera Xuseynova tomonidan davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston fuqarolariga yoʻllagan murojaatnomasida bildirilgan fikr-mulohazalar birma-bir tushuntirildi.
Shuningdek, viloyat hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Feruza Ibragimova soʻz olib, “Buxoro viloyati IIB hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasining hamkorlikdagi ishlari, yutuq va kamchiliklari sanab oʻtildi.
Yakunda Buxoro Muhandislik texnologiya instituti Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori, professor Gulandom Yunusova ham soʻz olib, “Oila — muqaddas qoʻrgʻon”, “Hayo iymondandir” va “Ayol latofati, nafosati, ibo-hayosi va mehr-muhabbati bilan dunyo boʻlib yaralgandir” kabi mavzularda maʼruzalar qildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati