26 Mart 2023 2326

Oʻzbekiston Interpoli tomonidan qidirilayotgan firibgar Shvetsiyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda boʻlgan shaxsni ekstraditsiya qilish Shvetsiyadan birinchi marta amalga oshirildi.

Toshkent va Stokgolm Interpol Milliy Markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari hamda Lion shahrida oʻtkazilgan Milliy markaziy byurolar rahbarlarining yillik konferensiya davomidagi uchrashuvlar natijasida Shvetsiyadan birinchi marta jinoyatchi Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Qidirilayotgan shaxs noqonuniy boyish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, puxta oʻylangan rejaga muvofiq, tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali koʻchmas mulkni sotish bilan shugʻullangan va oʻzining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgan.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, jinoyatchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Shvetsiya hududida aniqlangan va hibsga olingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan soʻng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamrohligida adolat qaror topishi uchun Oʻzbekistonga olib kelindi.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi  Milliy markaziy byurosi

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага