Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Razzoqovich Bobojonovning “1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan bayram tabrigi
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Ichki ishlar organlarida, taʼlim muassasalarida yosh xodimlar, tinglovchi va kursantlarni tarbiyalash, ularga kasb sirlarini oʻrgatishda oʻzining nazariy bilim va hayotiy tajribalarini, kuch-gʻayratini ayamay, fidoyilik koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar, maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari hamda tizimdagi barcha ustoz-murabbiylarni 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yoʻlidagi xizmatlaringizni yuksak qadrlaymiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kuni kecha oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan bayram tabrigida “Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday oʻta masʼuliyatli jabhada tom maʼnoda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, oʻzining qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam boʻlmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham gʻoyat ezgu va ulugʻ vazifadir”, – deya alohida taʼkidladilar.
Mamlakatimizda taʼlimga, oʻqituvchi va murabbiylarga koʻrsatilayotgan bunday yuksak eʼtibor, oʻz navbatida, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni mukammal egallagan, eng asosiysi, ona Vatanimiz uchun jonini, butun borligʻini fido etishga tayyor komil shaxslar boʻlib katta hayotga qadam qoʻyishlariga zamin yaratishi shubhasiz.
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Fursatdan foydalanib, Ichki ishlar organlarida ilm-fan, taʼlim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida bilim berish, ularda yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptirish, xodimlarimizni qasamyodiga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga kamarbasta boʻlayotgan aziz ustozlarimizni ushbu qutlugʻ kun bilan yana bir bor tabriklab, Sizlarga uzoq umr, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, kelgusi faoliyatlaringizda ulkan zafarlar tilayman.
Vazir, general-leytenant P.R. Bobojonov